Xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa beriladi

Xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev fundamental fanlar o‘qituvchilari uchun yangi rag‘batlantirish tizimi joriy etilishini ma’lum qildi. Xususan, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa beriladi.

 

Xabaringiz bor, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

Unda davlat rahbari iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun o‘quvchilar matematika, fizika, kimyo va biologiyani maktabdanoq chuqur o‘zlashtirishi zarurligini bildirdi. Shu maqsadda sinfda 25 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, ushbu fanlar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi.

 

Fundamental fanlar o‘qituvchilari uchun rag‘batning yangi tizimi joriy etiladi. Milliy sertifikatga ega pedagoglarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilariga 30 million so‘mdan mukofot beriladi. Yana 1 ming o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi.

 

Kamida 15 yillik stajga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kredit ajratiladi. Xorijiy va milliy sertifikat olgan muallimlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi.

 

Xorazmiy, Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Mendeleyev nomidagi xalqaro va mintaqaviy olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglar to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa oladi. Prezidentimiz ushbu tashabbuslar qariyb 100 ming o‘qituvchiga munosib rag‘bat bo‘lishiga ishonch bildirdi.

 

Avvalroq, bog‘cha tarbiyachilari uchun oliy ta’lim 4 yildan 3 yilga qisqartirilayotgani haqida xabar berilgandi.