Mutaxassislik fanidan milliy sertifikatga ega boʻlgan pedagoglarga 50 foiz ustama beriladi.
Bugun, 30-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston” universitetida oʻqituvchi va murabbiylar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
Prezident “Yangi Oʻzbekiston” universiteti taʼlim tizimiga yangicha ruh va mazmun olib kirishini taʼkidlab, barcha pedagoglarni kasb bayrami bilan tabrikladi.
Shuningdek, pedagoglar uchun yana bir qancha yangi imkoniyatlarni aytib oʻtdi.
Jumladan, fundamental fanlar oʻqituvchilari uchun ragʻbatning yangi tizimi joriy etiladi. Milliy sertifikatga ega oʻqituvchilarning har oylik maoshiga 50 foiz ustama qoʻshib beriladi.
Shuningdek, davlat rahbari taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlaridagi ilgʻor pedagoglarni ragʻbatlantirish uchun alohida davlat mukofotini taʼsis etishni taklif qildi.
«Ushbu mukofotni oʻzbek milliy pedagogikasining tamal toshini qoʻygan jadid bobomiz Abdulla Avloniy nomi bilan atasak», — dedi Prezident.
