Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lgan bir guruh pedagoglar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida davlat rahbari o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, g‘oliblar bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Xabaringiz bor, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi joriy yildan boshlab ilk bor o‘tkazildi. Unda mamlakatning barcha hududlaridan 46 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etgan hamda tanlov yakunlariga ko‘ra 208 ta tuman va shahardan bir nafardan o‘qituvchi g‘olib deb topilgandi.
Shavkat Mirziyoyev “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi hamda esdalik uchun suratga tushdi.
Tanlovda hududlar kesimida birinchi o‘rinni egallagan 208 nafar g‘olib o‘qituvchining har biriga belgilangan 616 million so‘mlik mukofot puli o‘tkazib berilgan. Ushbu summa bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng bo‘lib, qariyb 52 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Shu tariqa, tanlov doirasida pedagoglarga jami 128 milliard 128 million so‘m miqdorida mukofot puli ajratilgan.
Tanlovning asosiy maqsadlaridan biri o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va ta’lim sifatidagi hissini munosib rag‘batlantirishdan iborat. Joriy yilgi tanlovda pedagoglar bir necha bosqichda o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etgan.
“Yil o‘qituvchisi” tanlovi har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Joriy yilgi tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 208 nafar pedagogning taqdirlanishi esa mazkur tanlovning ilk natijalaridan biri bo‘ldi.
Avvalroq, “Yil o‘qituvchisi” g‘oliblariga beriladigan mukofot pulidan daromad solig‘i undirilmasligi haqida xabar berilgandi.
