Ta’limdagi natijalar: o‘quvchilar yutuqlari va pedagoglar malakasi bo‘yicha raqamlar e’lon qilindi

Ta’limdagi natijalar: o‘quvchilar yutuqlari va pedagoglar malakasi bo‘yicha raqamlar e’lon qilindi

Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Yangi O‘zbekiston universitetida pedagoglar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Tadbirda ta’lim islohotlari natijasida o‘quvchilarning xalqaro baholashlardagi ko‘rsatkichlari, olimpiadalardagi yutuqlari hamda pedagoglar malakasi oshgani ta’kidlandi.

 

Xususan, “MELQO” tadqiqotida maktabgacha ta’lim tizimi yuqori baholangan. PISA xalqaro baholashida esa 15 yoshli o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, dunyoda 48-o‘rinni egallagan.

 

Joriy yilning o‘zida iqtidorli yoshlar nufuzli xalqaro olimpiadalarda 228 ta medal, jumladan, 38 ta oltin, 82 ta kumush va 108 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston ilk bor mezbonlik qilgan xalqaro kimyo va informatika olimpiadalarida esa o‘quvchilar yana 8 ta medalga sazovor bo‘lgan.

 

Shuningdek, maktab davridayoq xorijiy til va fanlardan sertifikat olgan o‘quvchilar soni 100 ming nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda 2,5 barobar oshgan. Joriy yilda qariyb 5 ming nafar bitiruvchi oliy ta’limga kirishda eng yuqori ballni to‘plagan.

 

O‘qituvchilar malakasi va maoshi oshmoqda

 

Ta’limdagi natijalar ustozlarning mehnati, ta’lim mazmunining yangilangani va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bog‘liqligi qayd etildi.

 

O‘qituvchilarning xalqaro va milliy sertifikatga ega bo‘lish ko‘rsatkichi ham sezilarli oshgan. Xususan, bunday pedagoglar soni besh yil ichida 29 ming nafardan 143 ming nafarga yetgan. Maktablarda o‘qituvchi yetishmasligi esa uch barobar kamaygan.

 

Hozirda 40 ming nafar o‘qituvchi 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari 2 ming dollardan yuqori maosh olmoqda.

 

Zamonaviy metodikalarni joriy etayotgan hamda xalqaro olimpiada g‘oliblarini tayyorlayotgan pedagoglarni rag‘batlantirish ishlari ham davom ettirilmoqda.

 

Yangi formatda o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining 208 nafar tuman va shahar g‘olibiga jami 616 million so‘mdan mukofot berilgan.

 

Kelasi yildan boshlab mazkur tanlovni 14 ta hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va texnikum ustalari o‘rtasida ham o‘tkazish hamda g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish taklif etildi.