Surxondaryo viloyatida hamkasbiga Telegram orqali shilqimlik qilgan maktab o‘qituvchisi 5 sutkaga qamaldi. Bu bo‘yicha “Daryo” sud qarori bilan tanishdi.
Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida maktab o‘qituvchisi hamkasb ayolga Telegram orqali nomaqbul, shahvoniy mazmundagi xabarlar yuborgani uchun 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi.
Ma’lum qilinishicha, holat 2026-yil aprel oyida sodir bo‘lgan. 2003-yilda tug‘ilgan Sh.S. o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan hamkasb ayolga Telegram orqali yozib, u bilan ishqiy munosabat o‘rnatishni taklif qilgan.
Ayol oilali va farzandlari borligini bildirganiga qaramay, o‘qituvchi unga nomaqbul, shahvoniy mazmundagi xabarlarni yuborishda davom etgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holat oilasida janjal kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng u hamkasbiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.
Sud majlisida Sh.S. o‘z aybini tan olib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan va bunday holatni boshqa takrorlamasligini aytgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudi Sh.S.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Avvalroq, hamkasbiga shilqimlik qilgan “zamdirektor” qamalgani haqida xabar berilgandi.
