Toshkentdagi maktabda qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinf o‘quvchisiga shilqimlik qildi

Toshkentdagi maktabda qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinf o‘quvchisiga shilqimlik qildi

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi maktablardan birida 23 yoshli qo‘riqchi 6-sinf o‘quvchisiga shahvoniy shilqimlik qilgan. Sud holatida jinoyat alomatlari borligini qayd etib, ishni prokurorga yuborgan.

 

Holat 15-sentyabr kuni Shayxontohur tumanidagi maktablardan birida sodir bo‘lgan.

 

Sud hujjatiga ko‘ra, 23 yoshli Sh.J ushbu maktabda shartnoma asosida qo‘riqlash xizmati xodimi bo‘lib ishlagan. U 12 yoshli o‘quvchi qizning oldiga borgan hamda uning belidan ushlab, labidan oʻpgan holda shahvoniy shilqimlik qilgan.

 

Dastlab mazkur holat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi bilan kvalifikatsiya qilinib, ish sudga yuborilgan.

 

Sud ishni ko‘rib chiqib, huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari bor, degan xulosaga kelgan. Shu sababli ishni prokurorga qaytarish haqida ajrim chiqarilgan.

 

“Sh.J. shahvoniy shilqimlik harakatlarini voyaga yetmagan, 2014-yilda tugʻilgan qizga nisbatan sodir etgan yoki etmaganligi, uning harakatlarida jinoyat alomatlari bor yoki yoʻqligi va ish holatlari toʻliq tekshirilmagan. Qayta surishtiruv jarayonida ish holatlari toʻliq tekshirilib, Sh.J.ning harakatlarida jinoyat alomati bor yoki yoʻqligini, jinoyat sodir qilingan boʻlsa uning harakatlariga tegishli baho berilishi lozim boʻladi”, — deya keltirilgan sud ajrimida.

 

Avvalroq, Farg‘onada voyaga yetmagan o‘quvchiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamalganligi haqida xabar bergan edik.