Pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt toʻloviga 30 foiz chegirma beriladi

Pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt toʻloviga 30 foiz chegirma beriladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarining kunduzgi bakalavriatida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga 30 foizlik chegirma beriladi.

 

Hukumatning 2026-yil 17-sentyabrdagi 501-son qarori bilan pedagoglarning davlat oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirgan hamda tahsil olayotgan farzandlarining toʻlov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi tasdiqlandi.

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab har yili davlat oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirgan hamda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun toʻlov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorida chegirma joriy etiladi.

 

Chegirma davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlariga tatbiq etiladi.

 

Chegirma:

  • oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlarida;
  • Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallarida;
  • qoʻshimcha va tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida;
  • xorijiy hamkor OTMlarning qoʻshma taʼlim dasturlari asosida va fakultetlarida;
  • nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

 

Pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan boʻlsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qoʻllaniladi.

 

Pedagog farzandlari toʻlov-kontrakt shartnomasi olish yuzasidan kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi.

 

Arizani koʻrib chiqish jarayonida ariza beruvchining pedagog farzandi ekanligi “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlanganda, chegirma avtomatik tarzda qoʻllaniladi.

 

Arizalar masʼul tashkilot tomonidan ikki ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.

 

Pedagog farzandlariga mazkur chegirma oʻquv yili uchun bir marotaba qoʻllaniladi.

 

Pedagog farzandlarining otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi oʻquv yilidan boshlab unga chegirma qoʻllash toʻxtatiladi.

 

Avvalroq, kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun bakalavriatdagi yillik kontrakt to‘lovining 30 foizi qoplab berish uchun uchun onlayn ariza berish mumkinligi haqida xabar berilgandi.