Mustaqillik va ta’lim: Yangi avlod, yangi imkoniyatlar

Mustaqillik va ta’lim: Yangi avlod, yangi imkoniyatlar

“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”

 

Mustaqillik O‘zbekiston uchun nafaqat siyosiy erkinlik, balki o‘z taraqqiyot yo‘lini, milliy qadriyatlarga tayangan ta’lim va tarbiya tizimini yaratish imkonini bergan ulkan tarixiy voqeadir. Bugun davlat mustaqilligimizning 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya ostida nishonlanmoqda. Bu shior bizni o‘tgan yo‘lga nazar tashlash, erishilgan yutuqlarni qadrlash va kelajak oldidagi mas’uliyatimizni yanada teran his etishga chorlaydi.

 

Bilamizki, har qanday taraqqiyotning eng ishonchli poydevori – ta’lim. Chunki ertangi O‘zbekiston bugun bog‘chada ilk bilimlarni olayotgan bola, maktabda orzu va maqsadlarini shakllantirayotgan o‘quvchi, kasb-hunar egallayotgan yosh va ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan avlod qo‘lida bunyod bo‘ladi. Shu ma’noda mustaqillik yillarida ta’limda ro‘y bergan o‘zgarishlar mamlakatimiz kelajagini belgilaydigan eng katta yutuqlardan biridir.

 

Mustaqillik va ta’lim: Yangi avlod, yangi imkoniyatlar
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi yoshlar ta’lim-tarbiyasida o‘z ifodasini topmoqda.

 

Ta’limdagi 35 yil: milliylik va zamonaviylik uyg‘unligi

 

Mustaqillikning dastlabki yillaridan ta’limning milliy mazmunini tiklash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yosh avlodga xalqimiz tarixi, buyuk allomalar merosi, ona tili, milliy an’ana va qadriyatlarni xolis o‘rgatish imkoniyati yaratildi. Ayni paytda yangi o‘quv dasturlari, darsliklar, zamonaviy maktablar va ta’lim muhitini yaratish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Bugun ta’limimizda milliylik va zamonaviylikning uyg‘unlashib borayotganini ko‘ramiz.

 

Raqamlar ham bu o‘zgarishlarning ko‘lamini ko‘rsatadi. 1991/1992-o‘quv yilida respublikada 8 557 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2025/2026-o‘quv yilida ularning soni 11 118 taga yetdi. Oliy ta’lim tashkilotlari soni esa 52 tadan filiallar bilan birga 215 taga yetdi. Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari ta’lim maydonini yanada rang-barang qildi.

 

Qonunlar – islohotlarning mustahkam tayanchi

 

Shubhasiz, ta’limdagi yangilanishlar mustahkam huquqiy asosga tayanishi bilan barqaror bo‘ladi. 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘RQ-637-son Qonun mamlakatimiz ta’lim tizimining zamonaviy huquqiy poydevorini mustahkamladi. Unda ta’lim olish huquqi, uzluksizlik va izchillik, teng imkoniyat, ochiqlik va shaffoflik, ta’lim shaklini tanlash erkinligi kabi tamoyillar aniq belgilandi.

 

Masofaviy, dual, oilada, mustaqil va inklyuziv ta’lim shakllarining qonun darajasida mustahkamlanishi insonning ehtiyoji va hayotiy vaziyatiga mos ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirdi. Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatining huquqiy jihatdan tartibga solinishi esa yangi tashabbus va investitsiyalarga yo‘l ochdi. O‘ylaymizki, qonunchilikdagi ana shu yangiliklarning eng katta qadri – ta’limni yanada ochiq, moslashuvchan va inson manfaatiga yaqin tizimga aylantirayotganidadir.

 

Tanlov kengaydi: nodavlat ta’lim va maktabgacha tayyorgarlik

 

Bugungi ta’lim manzarasiga e’tibor bersak, davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy maktablar, o‘quv markazlari, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari, xususiy va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati kengayganini ko‘ramiz. Bu ota-onalar va yoshlar uchun tanlov imkoniyatini oshirdi, ta’lim xizmatlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirdi. O‘ylaymizki, raqobatning eng muhim natijasi – sifatga bo‘lgan talabning ortishidir.

 

Maktabgacha ta’limga bo‘lgan munosabat ham tubdan o‘zgardi. Endi bu bosqich faqat bolani parvarish qilish davri emas, balki uning keyingi o‘qishidagi muvaffaqiyatini belgilaydigan muhim poydevor sifatida qaralmoqda. Olti yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni bir yil davomida maktabga tayyorlash tizimi ularni yangi muhitga moslashish, muloqot qilish, tinglash, fikrini ifodalash va mustaqil topshiriq bajarishga o‘rgatadi. Davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlaridagi tayyorlov guruhlari “har bir bola uchun teng start” tamoyilini hayotga yaqinlashtirmoqda.

 

Inklyuziv ta’lim: hech bir bola chetda qolmasin

 

Ta’limning insonparvarligi, avvalo, uning hech bir bolani chetda qoldirmasligida namoyon bo‘ladi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda inklyuziv ta’lim alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarni hisobga olgan holda teng sharoit yaratishga qaratilgan tizim sifatida belgilangan. O‘ylaymizki, bu nafaqat huquqiy norma, balki jamiyatimizning inson qadriga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatuvchi muhim mezondir.

 

Buning uchun mos infratuzilma, moslashtirilgan o‘quv materiallari, malakali pedagog, psixologik-pedagogik ko‘mak va ota-onalar bilan hamkorlik zarur. Eng muhimi, bunday muhit barcha o‘quvchilarda bag‘rikenglik, hamdardlik, o‘zaro hurmat va bir-birini qadrlash fazilatlarini shakllantiradi. “Yagona xalq” g‘oyasining ta’limdagi eng go‘zal ifodalaridan biri ham, nazarimizda, ana shudir.

 

Kasb-hunar – yoshlarga mustaqil hayot eshigini ochadi

 

Zamonaviy ta’limning vazifasi yoshni faqat attestat yoki diplom olishga emas, hayotda o‘z o‘rnini topishga tayyorlashdir. Shu sababli maktab davridanoq o‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatini aniqlash, ularni kasblar olami bilan tanishtirish, ongli kasb tanlashga yo‘naltirish tobora muhim bo‘lib bormoqda. Har bir yoshning yo‘li bir xil emas: kimdir ilm-fanni tanlaydi, boshqasi texnika, servis, axborot texnologiyalari, qurilish, dizayn yoki ishlab chiqarishda o‘z salohiyatini namoyon etadi.

 

Professional ta’lim, texnikumlar va dual ta’lim yoshga nazariy bilimni amaliy ko‘nikma bilan birga egallash imkonini bermoqda. Dual ta’limda yosh bir vaqtning o‘zida ta’lim muassasasida bilim oladi va korxona yoki tashkilotdagi real ish jarayonini ko‘radi. Bu esa bitiruvchining mehnat bozoriga moslashishini yengillashtiradi. Bilamizki, ish beruvchi uchun diplomning o‘zi emas, amaliy bilim, mas’uliyat va mahorat ham muhim. Shu bois malakali kasb egasi bo‘lishning qadri oshayotgani quvonarli hol.

 

Pedagog – ta’lim islohotlarining bosh ijrochisi

 

Eng zamonaviy bino ham, eng yaxshi dastur ham uni hayotga tatbiq etadigan malakali pedagogsiz kutilgan natijani bermaydi. 2024-yil 1-fevraldagi “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi O‘RQ-901-son Qonun pedagogning huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, kasbiy faoliyati uchun kafolatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Prezidentning 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-son qarori esa maktabgacha va maktab ta’limi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlanishiga yangicha yondashuvni belgiladi.

 

Bugungi ustozdan faqat o‘z fanini yaxshi bilish emas, balki zamonaviy metodikalarni qo‘llash, raqamli vositalardan foydalanish, o‘quvchining individual ehtiyojini anglash va o‘z ustida muntazam ishlash talab etiladi. Darhaqiqat, ta’limdagi islohotlarning taqdiri oxir-oqibat sinfxonada, pedagog bilan o‘quvchi o‘rtasidagi jonli muloqotda hal bo‘ladi.

 

Yangi hayot va kelajak ta’limdan boshlanadi

 

Mustaqillikning 35 yillik yo‘liga ta’lim nuqtai nazaridan qarasak, eng katta natija faqat yangi bino yoki ko‘paygan ta’lim tashkilotlari emas. Eng katta o‘zgarish – ta’limning jamiyat va davlat taraqqiyotini belgilaydigan strategik kuch sifatida qaror topganidir. Bugun maktabgacha ta’limdan oliy va professional ta’limgacha imkoniyatlar kengaymoqda, davlat va xususiy sektor birga rivojlanmoqda, alohida ehtiyojga ega bolalar uchun yangi yo‘llar ochilmoqda, yoshlarning kasb tanlashi va zamonaviy ko‘nikmalarni egallashi uchun sharoitlar yaratilmoqda.

 

Albatta, oldimizda hali vazifalar ko‘p: ta’lim sifatini oshirish, hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirish, pedagoglarning mahoratini rivojlantirish, kitobxonlik, huquqiy va raqamli savodxonlikni kuchaytirish zarur. Biroq bugungi islohotlarning muhim jihati shundaki, ta’limdagi muammo va ehtiyojlar ochiq ko‘rilmoqda, ularni hal etish davlat, jamiyat, pedagog, ota-ona va xususiy sektorning umumiy mas’uliyatiga aylanmoqda.

 

“Yagona Vatan” – yosh avlodning o‘z yurtiga sadoqati va uning ravnaqiga daxldorlik hissi. “Yagona xalq” – turli imkoniyat va ehtiyojlarga ega insonlarni birdek qadrlaydigan hamjihat jamiyat. “Yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan maqsad esa bilimli, mustaqil fikrlaydigan, kasb-hunarli, raqobatbardosh va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni taqozo etadi. Demak, ushbu ezgu g‘oyaning amaliy ro‘yobi, eng avvalo, ta’limda namoyon bo‘ladi.

 

Bir haqiqat ayon: yangi hayot va yangi kelajakni bilimli, o‘z kuchiga ishongan va Vatan taqdiriga daxldor avlod bunyod etadi. Ularning har biriga sifatli ta’lim, munosib kasb, teng imkoniyat va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish – mustaqillikning eng buyuk ne’matini kelajak avlodlarga munosib yetkazish demakdir. Zero, yangi hayot ham, yangi kelajak ham, avvalo, bilim va tarbiyadan boshlanadi.

 

 

Ismailov Abduvali Abdumalikovich

A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori,

Xalq deputatlari Olmazor tuman kengashi deputati