Kontrakt uchun to‘langan mablag‘ga daromad solig‘i solinmaydi: uning bir qismini qanday qaytarib olish mumkin?

Kontrakt uchun to‘langan mablag‘ga daromad solig‘i solinmaydi: uning bir qismini qanday qaytarib olish mumkin?

Kontrakt uchun to‘langan mablag‘dan daromad solig‘ini qaytarib olish mumkin. Buning uchun my3.soliq.uz sayti, Soliq mobil ilovasi yoki hududiy soliq organlariga murojaat qilish mumkin.

 

Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga ko‘ra, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun yo‘naltirilgan daromadlarning ayrim turlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi. Shu bois talabalar oliy ta’lim tashkilotlari uchun to‘lagan kontrakt summasining 12 foizini qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi.

 

Imtiyozdan onlayn tarzda my3.soliq.uz sayti yoki Soliq mobil ilovasi orqali, shuningdek, hududiy soliq organlariga murojaat qilish orqali foydalanish mumkin.

 

Bunda kontrakt to‘lovini amalga oshirish usuliga qarab tartib farq qiladi. Agar kontrakt to‘lovi ish beruvchi tomonidan xodimning ish haqidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim tashkilotiga o‘tkazilsa, ushbu summaga daromad solig‘i hisoblanmaydi.

 

Agar kontrakt to‘lovi elektron, naqd yoki naqdsiz shaklda mustaqil ravishda amalga oshirilgan bo‘lsa, yil yakuni bo‘yicha deklaratsiya topshirish orqali to‘langan daromad solig‘ini qaytarib olish mumkin.

 

Buning uchun jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya topshiriladi hamda kontrakt to‘lovi bilan bog‘liq zarur hujjatlar ilova qilinadi.

 

Mazkur tartib tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, ya’ni super-kontrakt uchun to‘langan mablag‘larga nisbatan ham amal qiladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarov Talimxabarlari.uz’ga ma’lum qilgan.

 

Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim tashkilotida tahsil olayotgan talabalar uchun ham ta’limga yo‘naltirilgan mablag‘lar bo‘yicha soliq imtiyozidan foydalanish mumkin.

 

Buning uchun talaba tahsil olayotgan nodavlat oliy ta’lim tashkiloti Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining edu.uz saytida joylashtirilgan O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatida bo‘lishi lozim.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq to‘langan kontrakt summasining 12 foizini qaytarib olish ketma-ketligi haqida batafsil yo‘riqnoma berilgan edi.