Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi maktablardan birida yuqori sinf o‘quvchilari boshlang‘ich sinf o‘quvchisini temir taqinchoq yutishga majbur qilgani haqida xabar tarqaldi. Bu bo‘yicha Toshkent shahar MMTB hamda Bolalar Ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi 151-maktabda 3-sinf o‘quvchisi yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan og‘ziga solib yuborilgan noma’lum metall buyumni yutib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yil 2-sentyabr kuni Yashnobod tumanidagi 151-maktabning 3-sinf o‘quvchisi hojatxonaga chiqqan vaqtda sodir bo‘lgan. Yuqori sinf o‘quvchilari uning og‘ziga noma’lum jism solib yuborgan.
5-sentyabr kuni bolaning sog‘lig‘i keskin yomonlashib, kuchli og‘riqlar bilan shifoxonaga olib borilgan. Rentgen tekshiruvida uning ichki a’zolarida metall buyum borligi aniqlangan.
Bolaning onasiga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuvda farzandi voqeadan qo‘rqib, bu haqda o‘z vaqtida aytmaganini bildirgan. Natijada, bola og‘ir ahvolda 3 soat davom etgan shoshilinch jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Jarrohlar ichakning shikastlangan qismini olib tashlashga majbur bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda oʻquvchiga barcha tibbiy yordamlar koʻrsatilgan hamda uning ahvoli qoniqarli holatda.
Ayni vaqtda sodir boʻlgan voqea yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda va uning yakuni boʻyicha qoʻshimcha maʻlumot berilishini maʼlum qilamiz, – deyiladi munosabatda.
Shuningdek, vaziyat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olinib, o‘rganilayotgani hamda bu borada qo‘shimcha tarzda axborot taqdim etilishi ma’lum qilingan.
Bolalar Ombudsmanining ta’kidlashicha, ayni damda bolaning ahvoli qoniqarli holatda bo‘lib, unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bolalar ombudsmani bolaning buzilgan huquqlari tiklanishi, ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligini ta’minlanishi nuqtai nazaridan holat bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettiradi. Jumladan, Bolalar ombudsmani kotibiyati xodimlari vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rganmoqdalar, – deyiladi xabarda.
Avvalroq, Xitoyda 14 soat davomida dars qilgan bola shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.
