Xitoyda 14 soat davomida dars qilgan bola shifoxonaga yotqizildi

Xitoyda 14 soat davomida dars qilgan bola shifoxonaga yotqizildi

Xitoyning Xunan provinsiyasida 11 yoshli maktab o‘quvchisi ortiqcha darajada uy vazifasi bajarishga urinishi oqibatida shifoxonaga yotqizildi.

 

26-avgust kuni Lyan Lyan ismli bola ertalab soat 8:00 dan kechki 22:00 gacha deyarli tanaffussiz dars tayyorlagan. Bir necha soat o‘tgach, unda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, qo‘l-oyoqlarda karaxtlik va nafas qisishi kabi belgilar kuzatilib, ota-onasi darhol shifokorlarga murojaat qilgan.

 

Shifokorlar unga giperventilyatsiya sindromi tashxisini qo‘yishdi. Bu holatda nafas olish jarayoni buzilib, yurak urish tezligi oshadi. Bolaga maxsus nafas olish niqobi taqilganidan so‘ng ahvoli tezda yaxshilangan.

 

Mutaxassislarning qayd etishicha, bunday sindrom ko‘pincha ortiqcha hissiy zo‘riqish, imtihonoldi tashvish, oila ichidagi kelishmovchilik yoki uzoq vaqt davomida gadjetlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

 

Shifokorlar ogohlantirishicha, giperventilyatsiya sindromi nafaqat nafas qisishi, balki mushaklarning qattiqlashishi, hatto og‘ir hollarda hayot uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

 

Ma’lum qilinishicha, avgust oyida viloyat tez yordam bo‘limiga xuddi shu alomatlar bilan 30 dan ortiq o‘quvchi murojaat qilgan. Bu boshqa oylarga qaraganda 10 baravar ko‘pdir.