Indoneziyada hukumatning bepul maktab ovqatlari dasturi doirasida tarqatilgan taomlarni iste’mol qilgan 2 mingga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchi so‘nggi uch kun ichida ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan murojaat qilgan. Bu haqda BBC internet nashri xabar berdi.
So‘nggi holatga ko’ra, Markaziy Yava provinsiyasining Rembang hududidagi maktabda 777 kishi ovqatdan zaharlangan. Bu haqda maktab direktori ma’lum qilgan.
Mazkur bepul ovqat dasturi mamlakat prezidenti Prabovo Subiantoning asosiy siyosiy tashabbuslaridan biri bo‘lib, maktab o‘quvchilarining ovqatlanishi va sog‘lig‘ini yaxshilashga qaratilgan. Biroq dastur ommaviy zaharlanish holatlariga sabab bo‘layotgani gumon qilinishi bilan birga, korrupsiya haqidagi da’volar va katta xarajatlari yuzasidan tanqidlarga ham uchramoqda.
Bir maktabning o‘zida 777 kishi zaharlandi
Chorshanba kuni tushlik vaqtida Lasem shahridagi maktabda Makan Bergizi Gratis (MBG) dasturi orqali tarqatilgan ovqatni iste’mol qilgan 752 nafar o‘quvchi va 25 nafar o‘qituvchi zaharlanish alomatlarini boshdan kechirgan.
Maktab direktori Juhartutikning BBC News Indonesia’ga aytishicha, jabrlanganlarda ich ketishi kuzatilgan.
“Ularda ich ketishi kuzatildi va ular navbat bilan hojatxonadan foydalanishdi. Maktabda jami 40 ta hojatxona bor, shuning uchun ularning barchasiga xizmat ko‘rsatishning imkoni yo‘q”, — deydi direktor.
Shundan so‘ng maktab 1 200 ga yaqin o‘quvchi va 95 nafar xodimni uyiga jo‘natilgan, ayrim o‘quvchilar esa shifoxonaga olib ketilgan.
Juhartutikning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy xarajatlarni hukumat qoplab beradi. Ovqat yetkazib beruvchi mahalliy tashkilot vakillari esa maktabga kelib, yuz bergan holat uchun “javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan”.
Bir kun avval ham 730 kishi jabrlangan edi
Mazkur hodisadan bir kun oldin, seshanba kuni Sharqiy Yava provinsiyasining Sidoarjo hududidagi islomiy maktab-internatda ham bepul maktab ovqatlarini iste’mol qilgan 730 kishi zaharlangan.
Mahalliy sog‘liqni saqlash mutasaddisi ma’lum qilishicha, jabrlanganlarning ayrimlari shifoxonaga yotqizilgan. Ba’zi o‘quvchilar shu qadar holsizlanganidan ularni nogironlar aravachasida olib borishga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, shu hafta Janubiy Sulavesining Tana Toraja hududidagi bir nechta maktablarda ham yuzlab o‘quvchilarda bepul maktab ovqatlarini iste’mol qilgandan keyin zaharlanish alomatlari kuzatilgan.
Ota-onalar va o‘qituvchilar jurnalistlarga ayrim taomlarda shilimshiq tovuq go‘shti, yaxshi pishmagan mahsulotlar va baliqqa o‘xshash noxush hid sezilganini aytgan.
Taomlar sifati tekshirilmoqda
Mahalliy hukumat vakillari ommaviy zaharlanishlarning sababini aniqlash bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda. Ovqat namunalari ehtimoliy ifloslanishni aniqlash uchun laboratoriyada tekshirilmoqda.
Ovqatdan zaharlanish holatlariga ko‘pincha oziq-ovqat mahsulotlarini noto‘g‘ri saqlash yoki taomlarni yetarlicha tayyorlamaslik sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Lasemdagi oziq-ovqat tarqatish bo‘limi rahbari Achmad Sholeh Syarifudin hodisa uchun uzr so‘rab, o‘quvchilar va o‘qituvchilarning sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganini bildirgan.
U bo‘lim faoliyati bo‘yicha hodisadan so‘ng keng qamrovli tekshiruv va baholash o‘tkazilishini ma’lum qilgan.
Indoneziya Milliy oziqlanish agentligi rahbari esa agar tekshiruv davomida beparvolik yoki jinoyat alomatlari aniqlansa, bunga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini bildirgan.
Avvalroq ham Indoneziyada minglab bolalar maktab tushligidan zaharlangan edi.
