Bugun Rossiyadagi maktabda o‘quvchi qiz o‘qituvchi va o‘quvchilarga pichoq bilan hujum qildi, uni o‘quvchilardan birining onasi to‘xtatib qolgan. Hodisa oqibatida 7 kishi jabrlangan. Bu haqda Mahalliy «Пятый Канский» telekanali voqea guvohlariga tayanib xabar berdi.
Joriy yil 1-sentyabr kuni Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi Kansk shahridagi maktablardan birida 7-sinf o‘quvchisi o‘qituvchilar va o‘quvchilarga hujum qilgan. Ma’lumot uchun, Rossiya maktablarida yangi o‘quv yili 1-sentyabrdan boshlanadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u maktabga pichoq va qalampir purkagich (перцовый баллончик) olib kirgan. Hodisa oqibatida yetti kishi — besh nafar bola va ikki nafar katta yoshli kishi jabrlangan.
Hodisa joyiga Rossiya Milliy gvardiyasi xodimlari, tez yordam va reanimatsiya brigadalari yetib kelgan. Jabrlanganlar Kansk tumanlararo shifoxonasiga olib borilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ularning barchasi ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ambulator kuzatuvga yuborilgan. Hech kim shifoxonaga yotqizilmagan.
Hujum qanday sodir bo‘lgan?
«Пятый Канский» telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, o‘quvchi qiz dastlab qalampir purkagichdan foydalangan, keyin esa o‘qituvchilar va o‘quvchilarga pichoq bilan hujum qilgan. Shuningdek, maktabdagi eshikni yoqishga uringan.
Hodisa tadbir boshlanishidan oldin, soat 10:41 da maktabning 3-qavatidagi biologiya xonasi yaqinida sodir bo‘lgani haqida guvoh ma’lumot bergan.
Guvohning so‘zlariga ko‘ra, qiz maktabga ryukzak bilan kelgan. Uning ichida qalampir purkagichlar bo‘lgan. Keyinchalik u hojatxonaga kirib, eshikni qulflagan va biologiya xonasi tomon yo‘l olgan.
U sinfdosh qizlarga qalampir purkagich sepganini o‘zim ko‘rdim, — degan guvoh.
NGS24.RU nashrining yozishicha, odamlar qalampir purkagich sababli jabrlangan, pichoqdan jarohat olganlar haqida esa ma’lumot yo‘q.
O‘quvchi qizni o‘quvchining onasi to‘xtatgan
“Bolalar huquqlari bo‘yicha mintaqalararo markaz” rahbari Pavel Pugachyovning ma’lumotiga ko‘ra, o‘quvchi qiz fizika o‘qituvchisiga qalampir purkagich sepgan va keyin unga pichoq bilan hujum qilishga uringan. Lekin voqea vaqtida kabinetda bo‘lgan o‘quvchilardan birining onasi hujumchi qizni to‘xtatib, uni xonadan tashqariga chiqarib yuborgan.
Guvohlarning aytishicha, qiz eshik tashqarisiga chiqqach, ichida yonuvchan suyuqlik bo‘lgan idishni uloqtirib, uni yoqib yuborgan. Yong‘in yo‘lakda yuzaga kelgan, biroq sinf ichiga tarqalmagan.
Hodisadan so‘ng maktabdagi o‘quvchilar binodan chiqarilgan. Ayrim guvohlarning aytishicha, ko‘plab bolalar qo‘rqib, ko‘chada yig‘lagan. Hodisa sababli maktabdagi tantanali tadbirlar bekor qilingan.
“U juda sokin, indamas qiz edi”
Hujum qilgan o‘quvchini ko‘p yillardan beri bilishini aytgan guvoh uning ilgari boshqa o‘quvchilar bilan nizolari bo‘lmaganini ta’kidlagan.
U juda sokin, hech yomon ish qilmagan, indamas qiz edi, — degan u.
Shu bilan birga, hujumchi qiz to‘liq bo‘lmagan oilada voyaga yetgan va ushbu maktabda anchadan beri tahsil olgan.
Bu ma’lumotlar guvohning so‘zlariga asoslangan bo‘lib, hujumning aniq sabablari va o‘quvchining maqsadi rasmiy ravishda ma’lum qilinmagan.
Ekspertlar maktab xavfsizligi masalasini ko‘tardi
Rossiya Jamoatchilik palatasi a’zosi, “Alfa” aksilterror bo‘linmasi faxriylarining Xalqaro assotsiatsiyasi prezidenti Sergey Goncharovning fikricha, hodisaning sabablaridan biri maktablarda xavfsizlik tizimining yetarli darajada tashkil etilmagani bo‘lishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, ayrim maktablarda xavfsizlikni professional xodimlar emas, kundalik hayotda «вахтёр» deb ataladigan xodimlar ta’minlaydi.
Ekspert, shuningdek, tantanali tadbir oldidan maktabga kirgan barcha shaxslar yetarlicha tekshiruvdan o‘tkazilganiga shubha bildirgan.
Kompleks xavfsizlik bo‘yicha ekspert, ‘‘Rus’’ xavfsizlik tuzilmalari assotsiatsiyasi rahbari Roman Nasonov esa muammolardan biri maktabga kirish rejimini tashkil etish bilan bog‘liq ekanini aytgan.
Uning qayd etishicha, maktablarda xavfsizlik xodimlari bilan bir qatorda navbatchi pedagoglar ham bo‘lishi kerak. U muammoni faqat qo‘riqlash tizimi bilan bog‘lab bo‘lmasligini, texnik jihozlarning yetishmasligi, xodimlar kamligi, pedagoglarning yuqori ish yuklamasi, o‘quvchilar bilan profilaktik ishlarning yetarli emasligi va ota-onalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikdagi kamchiliklar ham muhim omil ekanini ta’kidlagan.
Mutaxassis yana bir masala — ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq akkauntlarni kuzatishga e’tibor qaratgan. Uning fikricha, ayrim hollarda bolalar bunday harakatlar haqidagi niyatlarini oldindan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilishi mumkin.
Hozircha politsiya, Tergov qo‘mitasi va mahalliy hokimiyat hodisaning sabablari va o‘quvchi qizning motivlari haqida to‘liq rasmiy ma’lumot bermagan. Tergov va hodisa tafsilotlarini aniqlash ishlari davom etmoqda.
