Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi xususiy maktablardan birida iqtisodiyot yo‘nalishini tamomlagan Baxronov Suxrob bu yilgi qabul mavsumini kamdan-kam uchraydigan natija bilan yakunladi — u hujjat topshirgan oliygohlarning deyarli barchasidan ijobiy javob oldi.
Ular orasida New Uzbekistan University (economics & data science), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishiga grant asosida), Al-Xorazmiy nomidagi universitet (kiberxavfsizlik, davlat granti), WIUT, Webster, BMU va INHA universitetlari ham bor. Bitiruvchining yakuniy tanlovi esa Yangi O‘zbekiston universitetiga tushdi: “Iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlili” yo‘nalishi, davlat granti asosida.
Maktabni u qo‘lida 5 ta sertifikat bilan tugatdi — IELTS 7.5, SAT 1390 va matematika, ona tili va ingliz tili fanlaridan milliy sertifikatlar.
“Men bu tilni sevganim uchun emas, kerakligini anglaganim uchun o‘rgana boshladim”
Suxrobning aytishicha, ingliz tiliga bo‘lgan qiziqish bolalikdan boshlangan emas.
Rostini aytsam, kichikligimda tilga alohida mehrim bo‘lganini eslay olmayman. Men uni sevganim uchun emas, balki bu til kelajakda oldimda qanday eshiklarni ochishini anglab yetganim uchun o‘rgana boshladim. Qiziqish keyinroq, mehnatning ichida paydo bo’ldi, — deydi u.
Tayyorgarlik jarayoni ham an’anaviy kurslardan farq qilgan. Maktab xususiy bo‘lgani sababli u va ikki sinfdoshi ustozlari bilan asosan individual shug‘ullangan, darslar ko’pincha kechki payt o’tkazilgan.





Qaysi kitob yoki platforma eng samarali bo‘lgani haqidagi savolga bitiruvchi ehtiyotkorlik bilan javob beradi:
Bitta “sehrli” kitob nomini ayta olmayman va aytishni to‘g‘ri deb ham bilmayman. Biz ustozimiz bergan darslik va topshiriqlar bo’yicha ishlaganmiz. Menimcha, natijani manba emas, tizim beradi — kim bilan, qanday izchillikda va qanday nazorat ostida ishlayotganingiz muhimroq.
Milliy sertifikatlar orasida eng ko‘p vaqt matematikaga sarflangan — bir yilga yaqin. Suhbatdosh bu o‘rinda o‘z xatosini yashirmaydi: diqqati IELTS va SAT’da bo‘lgani uchun milliy sertifikatlarga yetarlicha e’tibor qarata olmagan va rejalashtirgan darajasiga chiqmagan.
Grantga bir qadam qolganda kelgan rad javobi
Barcha fanlardan sertifikatga ega bo‘lgani uchun Yangi O‘zbekiston universiteti uni suhbatga taklif qilgan. Suhbatdan o‘tgan taqdirda 100 foizlik grant nazarda tutilgan edi.
O‘tishimga shubha ham qilmagandim. Eng qayg‘uli javob xati shu bo‘ldi chog‘i, — deb eslaydi Suxrob.
Shundan so‘ng uning oldida ikki yo‘l qolgan: bu universitetdan voz kechib boshqa oliygohga hujjat topshirish yoki ichki imtihonga tayyorgarlikni boshlash. Maqsadlaridan ortga qaytmagan holda u ikkinchi yo’lni tanlagan.
Qizig‘i shundaki, imtihon kuni jarayon butunlay teskari kechdi. Bu safar men “yiqilishim aniq” degan o‘y bilan o‘tirgandim, — deydi u.
Imtihon natijasi esa buni aksi 95 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bilan u mazkur universitet bo’yicha ikkinchi o’rinni egallab, davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildi.
Boshqa oliygohlardagi grant takliflariga qaramay, bitiruvchi tanlovini shu universitetda to‘xtatgan.
Chunki u yerda raqobat kuchli. Universitet Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan, yosh va tez rivojlanayotgan muassasa. Iqtisodiyot yo‘nalishi uchun O‘zbekistonda bundan yaxshiroq muhit topaman deb o’ylamayman, — deydi u.
Sertifikat olmoqchi bo‘lganlarga ikki maslahat
Suxrob o‘z tajribasidan kelib chiqib ikki narsani ta’kidlaydi.
Birinchisi — bir vaqtning o‘zida hamma narsani quvmaslik. Uning fikricha, e’tiborni bir davrda bitta aniq maqsadga qaratgan odam natijaga ancha tez yetadi; o’zi esa aynan shu xatoga yo‘l qo‘ygan.
Ikkinchisi — ustoz va o‘quv markazini tanlashda o‘ta jiddiy bo‘lish. Chunki, uning so‘zlariga ko‘ra, tayyorgarlikning sifati ko‘p jihatdan kim bilan ishlayotganingizga bog‘liq.
Talabalik oldidan
Hozirda u ustozining onlayn kurslarida tashkiliy ishlarni olib boradi — o‘quv jarayonini muvofiqlashtirish, materiallar tayyorlash va mock imtihonlarni o’tkazishda qatnashadi.
Bu mening asosiy yo‘nalishim emas. Men ustozimni hurmat qilaman va talabalik boshlanguncha ish jarayonini ichkaridan ko’rib, tajriba to‘plamoqchiman, — deb izohlaydi u.
Suhbat yakunida bitiruvchi minnatdorchiligini bildirdi:
Bu natijalar faqat meniki emas. Avvalambor, ota-onamga yaratib bergan barcha sharoitlari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ustozim Muxriddin Xo‘jayevga esa alohida raxmat aytishim kerak deb o‘ylayman. Ustoz faqatgina bilim berishdan chegaralanib qolmasdan meni maqsadlarimga, kelajagimga va to‘g‘ri imkoniyatlarni ko‘ra bilish haqidagi tasavvurimni kengaytirishga juda katta yordam berdilar va berib kelmoqdalar. Maktabimiz direktori va matematika ustozimiz Eldor Karimovga ham chin dildan tashakkur aytaman. Yo‘lni men bosib o‘tdim, lekin uni ochib bergan bu mening ustozlarim!
Suxrobni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, SAT’dan 1500, IELTS’dan 7.0 sertifikatlarini olgan qashqadaryolik bitiruvchi bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish



