AQShda avtomobil velosportchi talabalar guruhini urib yubordi: 2 nafar talaba halok bo‘ldi, 7 nafari jarohatlandi

AQShda avtomobil velosportchi talabalar guruhini urib yubordi: 2 nafar talaba halok bo‘ldi, 7 nafari jarohatlandi

AQShning Tennessi shtatida mashg‘ulot vaqtida velosiped haydab ketayotgan universitet talabalari guruhini avtomobil urib yubordi. Hodisa oqibatida ikki nafar talaba halok bo‘ldi, yana yetti nafari jarohatlandi.

 

Joriy yilning 19-avgust kuni AQSHning Tennessi shtatida avtomobil velosipedchilar guruhiga urilishi oqibatida universitet velosport jamoasining ikki a’zosi halok bo‘ldi, yana yetti nafari jarohatlandi. Bu haqda shtat rasmiylari ma’lum qildi.

 

Xususiy oliygoh bo‘lgan Milligan universitetida 1 200 nafardan sal ko‘proq talaba tahsil oladi. Universitet ma’lumotiga ko‘ra, uning 11 nafar velosportchisi ertalab mashg‘ulot uchun birgalikda yo‘lga chiqqan. Ular universitet kampusidan taxminan 18 kilometr uzoqlikdagi, Appalachi tog‘lari etaklarida joylashgan Xempton shahrida avtomobil urib yuborishi oqibatida jarohatlangan.

 

Tuman prokurori Stiv Finni Shimoliy Karolina shtatida yashovchi 69 yoshli erkak hibsga olinganini ma’lum qildi. Unga transport vositasidan foydalanib ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘ldirish bo‘yicha ikki band hamda ehtiyotsizlik bilan transport vositasi orqali og‘ir tan jarohati yetkazish bo‘yicha besh band ayblov qo‘yilgan.

 

Universitet prezidenti Stiven Uersning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida universitetning ikkinchi bosqich talabalari — Illinoys shtatining Uintrap-Harbor shahridan Heylan Engdal va Alabama shtatining Xantsvill shahridan Breydon Rojers halok bo‘lgan.

 

Qolgan talaba-sportchilar yaqin atrofdagi Johnson City Medical Center tibbiyot markaziga olib ketilgan.

 

Avvalroq, Fargʻonada voyaga yetmagan haydovchi 3 nafar 10 yoshli qizni urib yuborgani, ulardan biri vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish