Milliy sertifikat bilan oliy ta’lim tashkilotlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni yil sayin oshib borayotgani sababli ularga maksimal ball berish mexanizmi qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov “2026-2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlariga qabul natijalari: yakuniy ko‘rsatkichlar va keyingi qadamlar” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Anjumanda milliy va xalqaro sertifikatlarga ega abituriyentlar sonining ortishi o‘tish ballariga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani hamda kelgusida bu jarayon davlat test sinovlarini qisqartirishi mumkinligi haqida savol berildi. Rajabov javobida, asosan, milliy sertifikat tizimiga to‘xtaldi.
Uning aytishicha, milliy sertifikat imtihonlari oliy ta’limga kirish testlaridan baholash tartibi bilan farq qiladi. Kirish testlarida yopiq savollar qo‘llansa, milliy sertifikat imtihonlarida ochiq topshiriqlar ham beriladi. Natijalar esa xalqaro baholash metodikasi — Rash modeli asosida hisoblanadi. Shu bois taxminiy javob orqali ball olish ehtimoli milliy sertifikat imtihonlarida kamroq.
Rajabov milliy sertifikat bilan hujjat topshirayotganlar sonining ko‘payishini ijobiy holat deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab o‘quvchilar bitiruvchi sinflardanoq fanlar bo‘yicha sertifikatlarni bosqichma-bosqich olishga harakat qilmoqda.
Biroq sertifikat asosida maksimal ball berilishi ko‘plab abituriyentlarning bir xil yuqori natija atrofida to‘planib qolishiga olib kelishi mumkin. Bu esa o‘tish ballarining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Rajabov ushbu ta’sir bo‘yicha aniq ko‘rsatkich keltirmadi.
Ayni paytda maksimal ball berishning amaldagi tartibi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda o‘rganilmoqda. Tahlillar jarayonida bu mexanizmning qanchalik asosli ekani va qabul natijalariga ta’siri ko‘rib chiqiladi.
Vazir o‘rinbosarining fikricha, bir necha yildan keyin milliy sertifikat bilan hujjat topshiradigan abituriyentlar soni odatiy test sinovlarida qatnashadiganlar sonidan oshishi mumkin.
Biroq davlat test sinovlarini qisqartirish bo‘yicha hozircha qaror e’lon qilinmagan. Rajabov bu tendensiyani oldindan hisobga olish va qabul mexanizmlarini shunga muvofiq takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
