Joriy yilgi OTMga kirish imtihonlarida o‘rtacha o‘tish ballari qancha bo‘ldi?

Joriy yilgi OTMga kirish imtihonlarida o‘rtacha o‘tish ballari qancha bo‘ldi?

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’limga qabulda davlat granti bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ballni, to‘lov-kontrakt asosida esa 93,7 ballni tashkil etgan. Bu haqda 18-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

 

Bugun, 18-avgust kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida 2026/2027 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari natijalari: yakuniy koʻrsatkichlar va keyingi qadamlarga bag‘ishalangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabovning ma’lum qilishicha, joriy yilda oliy ta’limga kirishda o‘rtacha o‘tish ballari o‘tgan yilga nisbatan oshgan.

 

Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 2025/2026-o‘quv yilida davlat granti bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali 121,8 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 84,9 ball bo‘lgan.

 

Shuningdek, yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan. Shundan 52,8 ming nafari davlat granti asosida, 156,3 ming nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan.

 

Bundan tashqari, belgilangan imtiyozlar bo‘yicha alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida 20,5 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi oliy ta’limga qabulda 233 935 nafar abituriyent 56,7 balldan past natija qayd etgan. Bu jami imtihon topshirganlarning 37,54 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2025/2026-o‘quv yilida 41 foiz, 2024/2025-o‘quv yilida 43 foiz, 2023/2024-o‘quv yilida esa 46 foiz bo‘lgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish