O‘zbekistonda 2030-yilgacha talabalar ehtiyojini to‘liq qoplaydigan darajada talabalar turar joylarini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ma’lum qildi.
Vazirning UzReport TV telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, Prezident qarori asosida mamlakatda talabalar turar joylari sonini ko‘paytirish ishlari davom ettirilmoqda.
Uning ta’kidlashicha, yangi yotoqxonalar davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilmoqda. So‘nggi 10 yil davomida respublikada jami 100 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurilgan. Taqqoslash uchun, undan avvalgi 100 yil davomida jami 55 ming o‘rinli yotoqxonalar barpo etilgan.
Qo‘ng‘irotboy Sharipovning qayd etishicha, hozir kunduzgi ta’limda tahsil olayotgan talabalarning kamida 20 foizini viloyatlardan kelgan talabalar tashkil etadi. Ularni talabalar turar joylariga joylashtirish imkoniyati mavjud. Qolgan talabalar uchun esa ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi.
2030-yilgacha hamma talabalar ehtiyojini qondiradigan darajada yotoqxonalar qurib bitkaziladi. Binolar davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilyapti. Hozirgi kunda jami talabalarimizning kamida 20 foizi kunduzgi taʼlimda oʻqiydi va viloyatlardan kelgan. Ularni yotoqxonalarga joylashtirish imkoniyatimiz bor. Boshqalari esa ijarada turadi va ijara haqining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuning uchun hozir yotoqxonada tursa ham, ijarada tursa ham bir xil xarajat ketadi, — dedi u.
Shuningdek, talabalar turar joylariga joylashish uchun maxsus platforma ishga tushirilgan. 15-avgustdan boshlab yotoqxonaga ehtiyoji bo‘lgan talabalar ushbu platforma orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, yotoqxonaga joylashtirishda, avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan yoshlar, keyin esa uzoq va chekka hududlardan kelgan talabalar ustuvorlikka ega bo‘ladi.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Oʻzbekistondagi qator talabalar turar joyi ommaviy savdoga chiqarilgani haqidagi xabarlarni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi rad etgandi.
