Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joylari ommaviy savdoga chiqarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirib, savdoga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki foydalanilmayotgan yordamchi maydonlar qo‘yilganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim oliy ta’lim muassasalarining talabalar turar joylari sotuvga yoki ijaraga chiqarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy izoh berdi.
Unga ko‘ra, ommaviy savdolarga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki talabalar turar joylari tarkibidagi bo‘sh turgan yerto‘la, hovli qismi, oshxona, bufet hamda yotoq joy sifatida foydalanilmaydigan boshqa yordamchi maydonlar joylashtirilgan.
Xususan, Samarqand davlat tibbiyot universitetidagi hovli qismidagi 69,8 kvadrat metr bo‘sh maydon, Farg‘ona davlat universitetidagi yerto‘ladagi 40 kvadrat metr xona, Guliston davlat universitetidagi foydalanilmayotgan xonalar, Urganch davlat universitetidagi oshxona, Farg‘ona davlat texnika universitetidagi oshxona binosi hamda Termiz davlat universiteti hududidagi texnologik maydon ommaviy savdolar orqali ijaraga berish uchun chiqarilgan.
Qayd etilishicha, mazkur obyektlar talabalar yashash joylari hisoblanmaydi va ularni ijaraga berish talabalar turar joylaridagi o‘rinlar sonining qisqarishiga olib kelmaydi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining talabalar turar joyi sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlarga ham izoh berildi.
Vazirlikning bildirishicha, ushbu obyektning ommaviy savdoga chiqarilishi Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi PF–70-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2025-yilgi xususiylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, universitetning amaldagi bino va inshootlari faqat Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan zamonaviy kampus to‘liq qurilib, foydalanishga topshirilgandan keyingina bo‘shatiladi.
Shuningdek, universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda mazkur obyektlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan yangi o‘quv binolari va 5 ming o‘rinli zamonaviy talabalar turar joylari qurilayotgani ma’lum qilindi.
