Belarus maktablarida sentyabrdan boshlab informatika fanining yangilangan dasturi joriy etiladi. Unda sun’iy intellekt ilk bor majburiy o‘quv dasturiga kiritilib, o‘quvchilarga SI bilan ishlash hamda kiberxavfsizlik asoslari o‘rgatiladi. Bu haqda Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
Belarusda joriy yil 1-sentyabrdan 6–9-sinf o‘quvchilari uchun informatika fanining yangilangan o‘quv dasturi joriy etiladi. Unda sun’iy intellekt (SI) ilk bor faqat qiziqadigan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha mavzu emas, balki majburiy o‘quv dasturining bir qismiga aylanadi.
Informatika faniga jami 139 akademik soat ajratilgan bo‘lib, har bir sinfda haftasiga bir martadan dars o‘tiladi. Shu bilan birga, o‘qituvchilarga ushbu vaqtning 25 foizigacha qismini axborot, algoritmlashtirish, kompyuter va kommunikatsiya texnologiyalari kabi 6 asosiy yo‘nalish o‘rtasida mustaqil taqsimlash huquqi berilgan.
Dastur bolalarga shunchaki zamonaviy texnologiyalarni sinab ko‘rishni emas, balki raqamli ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llashni o‘rgatishga qaratilgan. Ta’lim vazirligi o‘quvchilarning funksional savodxonligini rivojlantirishni maqsad qilgan. Ya’ni o‘quvchilar sun’iy intellektdan matematika, fizika, biologiya va geografiya kabi fanlarda amaliy masalalarni yechishda foydalanishni o‘rganadi.
8-sinfda “Sun’iy intellekt” mavzusi alohida o‘qitiladi. O‘quvchilarga sun’iy intellektga to‘g‘ri so‘rov (prompt) berish, uning javoblaridagi ma’lumotlarning haqiqatga mosligini tekshirish hamda SI yordamida matn, audio va videolarni qayta ishlash o‘rgatiladi.
9-sinfda esa ushbu ko‘nikmalar yanada rivojlantirilib, sun’iy intellekt yordamida modellashtirish va amaliy masalalarni hal etishga yo‘naltiriladi. O‘quvchilar sun’iy intellektdan turli amaliy vazifalarni bajarish va ma’lumotlarni tahlil qilish vositasi sifatida foydalanishni o‘rganadi.
Shuningdek, dasturga kiberxavfsizlik bo‘yicha alohida majburiy bo‘lim ham kiritilgan. Unda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, internetdagi firibgarlik sxemalari va dipfeyklarni aniqlash hamda onlayn muloqot madaniyati o‘rgatiladi.
Dipfeyk (deepfake) — bu sun’iy intellekt yordamida yaratilgan yoki o‘zgartirilgan soxta foto, video yoki audio bo‘lib, u haqiqiydek ko‘rinadi.
Boshqa davlatlar tajribasi
Yangi dastur o‘quvchilarni Belarusning mahalliy ta’lim resurslari bilan ham tanishtiradi. Biroq mamlakatda hozircha o‘zining yirik til modeli mavjud emas. Shu sababli o‘quvchilarga ma’lum bir servisdan foydalanish emas, balki sun’iy intellekt bilan ishlashning umumiy tamoyillaridan dars o‘tiladi.
Bu borada Belarus boshqa ayrim davlatlardan farq qiladi. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklarida sun’iy intellekt o‘tgan o‘quv yilidan boshlab majburiy fan sifatida joriy etilgan bo‘lib, Ta’lim vazirligi foydalanishga ruxsat berilgan ChatGPT (OpenAI), Copilot (Microsoft), Gemini (Google) va Claude (Anthropic) xizmatlari ro‘yxatini tasdiqlagan.
Xitoyda esa 2025-yil kuzidan boshlab sun’iy intellekt barcha maktablarda majburiy fan hisoblanadi. Unga yiliga kamida 8 soat ajratiladi. Uni alohida fan sifatida yoki informatika tarkibida o‘qitish masalasi maktablarning o‘ziga topshirilgan.
Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan Belarus maktablarida “Sun’iy intellektning amaliy texnologiyalari” nomli kurs ham yo‘lga qo‘yiladi. Haftasiga bir soat o‘tiladigan ushbu kurs generativ matn va tasvir yaratish modellaridan foydalanishga bag‘ishlanadi.
AI’ni ta’limga kirib kelishi bilan bog‘liq tadqiqotlar
Mutaxassislar esa sun’iy intellektni ta’limga joriy etishda ehtiyotkor bo‘lish zarurligini ta’kidlamoqda. Asosiy masala bolalarni SI bilan tanishtirish emas, balki uning mustaqil fikrlash qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini ta’minlash hisoblanadi.
Bu boradagi xavotirlar ilmiy tadqiqotlar bilan ham tasdiqlanmoqda. Massachusets texnologiya instituti (MIT) qoshidagi Media Lab laboratoriyasi o‘tkazgan tadqiqotda 54 nafar ishtirokchi insho yozishda uch xil usuldan foydalangan: ChatGPT, Google qidiruvi va hech qanday vositasiz yozish.
Natijalarga ko‘ra, ChatGPT’dan foydalangan guruhda miya faoliyati o‘rtasidagi bog‘liqlik eng past darajada qayd etilgan. Bundan tashqari, ishtirokchilarning 80 foizdan ortig‘i bir necha daqiqadan so‘ng o‘zi yozgan matndan iqtibos ham keltira olmagan.
Tadqiqot mualliflaridan biri Natalya Kosmina sun’iy intellektni ta’limga erta va o‘ylamasdan joriy etish xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlagan.
Shunga o‘xshash xulosaga Rio-de-Janeyro Federal universiteti professori Andre Barkaui ham kelgan. U 120 nafar talaba ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotda “kognitiv yengillashuv” (cognitive offloading) hodisasini aniqlagan. Bunda inson miyasi ayrim aqliy vazifalarni sun’iy intellekt yoki boshqa tashqi vositalarga yuklay boshlaydi, natijada uzoq muddatli xotirani faol ishlatish ehtiyoji kamayadi.
Shu bilan birga, AQSHning Villanova universiteti olimlari oʻtkazgan tadqiqotda sunʼiy intellekt tomonidan yozilgan hikoyalar oʻquvchilar tomonidan inson mualliflari yozgan hikoyalarga qaraganda sifatliroq va qiziqarliroq deb baholangani haqida xabar berilgandi.
Tadqiqotda 1 682 nafar katta yoshli ishtirokchi qatnashdi. Ularga oltita qisqa hikoyadan bittasi oʻqitildi. Hikoyalarning uchtasi inson mualliflari, yana uchtasi esa ChatGPT tomonidan yozilgan boʻlib, har bir AI hikoyasi mazmun jihatdan inson yozgan hikoyaga yaqin mavzuda tayyorlangan.
