AQSH olimlari oʻtkazgan tadqiqotda sunʼiy intellekt tomonidan yozilgan hikoyalar oʻquvchilar tomonidan inson mualliflari yozgan hikoyalarga qaraganda sifatliroq va qiziqarliroq deb baholandi. Biroq tadqiqotchilar bu inson ijodkorligi oʻz ahamiyatini yoʻqotdi degani emasligini taʼkidlamoqda.
AQSHning Villanova universiteti olimlari tomonidan oʻtkazilgan va Judgment and Decision Making ilmiy jurnalida eʼlon qilingan tadqiqot sunʼiy intellektning badiiy matn yaratish borasidagi imkoniyatlarini yana bir bor muhokama markaziga olib chiqdi.
Tadqiqotda 1 682 nafar katta yoshli ishtirokchi qatnashdi. Ularga oltita qisqa hikoyadan bittasi oʻqitildi. Hikoyalarning uchtasi inson mualliflari, yana uchtasi esa ChatGPT tomonidan yozilgan boʻlib, har bir AI hikoyasi mazmun jihatdan inson yozgan hikoyaga yaqin mavzuda tayyorlangan.
Ishtirokchilarning bir qismiga hikoya muallifi haqida toʻgʻri maʼlumot berilgan boʻlsa, boshqalariga ataylab notoʻgʻri maʼlumot taqdim etilgan. Shundan soʻng ular hikoyalarni qiziqarliligi, oʻquvchini oʻziga jalb qilishi va umumiy sifati boʻyicha baholagan.
Natijalarga koʻra, ChatGPT yozgan hikoyalarni oʻqigan ishtirokchilar ularni inson yozgan hikoyalarga nisbatan qiziqarliroq va sifatliroq deb baholagan.
Shu bilan birga, ishtirokchilarga hikoya inson tomonidan yozilgani aytilgan hollarda ular asarga yuqoriroq baho bergan. Tadqiqotchilar buni odamlarning hanuz inson ijodiga koʻproq ishonch va qadriyat bilan qarashi bilan izohlamoqda.
Tadqiqot mualliflaridan biri, Villanova universiteti professori doktor Dena Skolnik Vaysberg shunday deydi:
“Sunʼiy intellekt tizimlari bugunning oʻzidayoq inson yozgan hikoyalardan kam boʻlmagan, ayrim hollarda esa ulardan ham yuqori baholanayotgan qisqa hikoyalarni yarata olmoqda. Shu bois AI imkoniyatlari haqidagi tasavvurlarimizni qayta koʻrib chiqish vaqti keldi”.
Olimaning taʼkidlashicha, bu natijalar inson yozuvchilari endi kerak emas, degan maʼnoni anglatmaydi.
“Kelajakda AI yozgan romanlar yoki inson va sunʼiy intellekt hamkorligida yaratilgan asarlar ham boʻlishi mumkin. Ammo bu inson ijodkorligining qadri yoʻqoladi, degani emas”, — deya ta’kidlaydi u.
Uning fikricha, odamlar faqat natija uchun emas, balki oʻzini ifoda etish, his-tuygʻularini anglash va ijod qilish zavqi uchun ham yozadi.
Tadqiqotchilar yana 905 nafar ishtirokchi bilan qoʻshimcha tajriba oʻtkazgan. Bu safar ularga bir mavzudagi ikkita hikoya — biri inson, ikkinchisi ChatGPT tomonidan yozilgan matn taqdim etilgan. Ishtirokchilardan qaysi hikoya sunʼiy intellekt tomonidan yozilganini aniqlash soʻralgan.
Natijalar shuni koʻrsatdiki, birinchi tajribada ishtirokchilarning atigi 40 foizi, ikkinchisida esa 52 foizi toʻgʻri javob bergan. Olimlar bu natijalar odamlar AI va inson yozgan hikoyalarni ishonchli ravishda farqlay olmaganini koʻrsatishini qayd etgan.
Vaysbergning fikricha, bunga sabab sunʼiy intellekt yaratgan matnlarning sodda, ravon va oʻqishga qulay uslubda yozilganidir.
‘‘Ehtimol, odamlar AI yozgan hikoyalarni oʻqish va tushunish osonroq boʻlgani uchun ularga yuqoriroq baho bergandir’’, — deydi Vaysberg.
Biroq tadqiqot xulosalari barcha mutaxassislar tomonidan birdek qoʻllab-quvvatlanmagan. Birmingem universiteti professori Lyuk Kennard sunʼiy intellektni oddiy yozuv vositasi sifatida baholash notoʻgʻri ekanini taʼkidlaydi. Uning fikricha, AI minglab mualliflarning asarlari asosida oʻqitilgani bois sifatli matn yaratishi ajablanarli emas.
Shu bilan birga, u asosiy masala sunʼiy intellektning bunga qodirligida emas, balki bunga ehtiyoj bor-yoʻqligida ekanini aytgan.
‘‘Asosiy savol uning bunga qodirligida emas. Asosiy savol — bunga arziydimi? Menimcha, mutlaqo arzimaydi’’, — deydi Lyuk Kennard.
