Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 43-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf bitiruvchisi Maxmudova Munisa To‘xtasin qizi muddatidan avval talaba bo‘ldi. U CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyot fanidan A, matematikadan C hamda tarix fanidan C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
U kelgusida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishida o‘qishni maqsad qilgan.
O‘quvchi o‘z muvaffaqiyati ortida muntazam mehnat, vaqtni to‘g‘ri boshqarish va xatolar ustida ishlash yotganini ta’kidlaydi.
Munisaning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi unda 9-sinfda paydo bo‘lgan. Dastlab tayyorgarlik jarayoni qiyin kechgan bo‘lsa-da, u maqsadidan voz kechmagan.
Avvaliga biroz qiynaldim. Ammo keyinchalik ko‘proq harakat qilib, oldimga qo‘ygan maqsadlarim sari intildim, — deydi u.
Shu tariqa u har bir fan uchun alohida reja tuzib, bosqichma-bosqich tayyorgarlikni yo‘lga qo‘ydi.
Munisa ingliz tiliga 2 yil davomida tayyorlangan. O‘zbek tili va adabiyot faniga bir yil, matematikaga uch oy, tarix faniga esa ikki oy davomida muntazam vaqt ajratgan. U nafaqat repetitor bilan shug‘ullangan, balki darsliklar va turli onlayn platformalardan ham samarali foydalangan.
Repetitor darslari bilan cheklanib qolmadim. Qo‘shimcha manbalarni o‘rganishga ham harakat qildim. Bu bilimlarimni mustahkamlashga yordam berdi, — deydi u.
“Takrorlash — bilimning onasi”
Munisaning fikricha, muvaffaqiyatga olib kelgan eng muhim omillardan biri — xatolar ustida ishlash.
Har bir xatoyimni tahlil qilib, uni qayta takrorlamaslikka harakat qilardim. “Takrorlash bilimning onasi” degan maqolga amal qilib, oldin o‘rgangan mavzularimni muntazam qayta takrorlab turardim, — deydi u.
Aynan shu odat unga bilimlarini mustahkamlash va sinovlarda ishonch bilan qatnashishga yordam bergan.
Uning aytishicha, imtihon savollari murakkab bo‘lgan. Biroq puxta tayyorgarlik sababli ularning aksariyati kutilgan savollar bo‘lib chiqqan.
Savollar qiyinroq edi. Ammo “Bilgan odamga hamma narsa oson tuyiladi”, degan gap bejiz emas. Tayyorlanganim sababli ko‘plab savollar menga tanish edi, — deydi u.
Maktabdan keyin sertifikat imtihonlariga tayyorlanish uchun alohida vaqt ajratgan. Aynan vaqtni to‘g‘ri boshqarish unga barcha ishlarini samarali bajarishga yordam bergan.
Ba’zi kunlari vazifalar ko‘pligi sababli tungi soat 01:30–02:00 gacha dars qilgan paytlari ham bo‘lgan.
Shunday bo‘lsa-da, imkon qadar uyqu rejimimni buzmaslikka harakat qilardim. Chunki yaxshi dam olish ham yuqori natijaga erishishda muhim omil. Ba’zan tushkunlikka tushgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Lekin har safar maqsadimni eslab, yana o‘qishni davom ettirganman. Menimcha, psixologik tayyorgarlik ham bilim kabi muhim.
Munisa ta’lim tizimida o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshirish uchun amaliy dasturlarni ko‘paytirish zarur, deb hisoblaydi.
Shuningdek, yoshlarning mutolaa qilish odatini rivojlantirish uchun badiiy adabiyotlar sonini ham ko‘paytirish lozimligini ta’kidlaydi.
Navbatdagi maqsad — IELTS 9
Muddatidan avval talaba bo‘lgan Munisa erishgan yutuqlari bilan cheklanib qolmoqchi emas.
Hozirda u ingliz tili bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlab, xalqaro IELTS imtihoniga tayyorlanmoqda.
Endigi maqsadim IELTS imtihonidan 9 ball olish. Bu maqsadim sari harakat qilishdan aslo to‘xtamayman.
Munisani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, 5 ta milliy sertifikat egasi bo‘lgan abituriyent qiz muddatidan oldin talaba bo‘lib, 50 ga yaqin qizning muvaffaqiyatiga ham hissa qo‘shayotgan Qunduz Berdiyorova bilan suhbatlashgan edik.
