Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 95-maktab bitiruvchisi beshta fandan milliy sertifikatga ega bo‘lib, oliy ta’lim muassasasiga muddatidan oldin talaba bo‘ldi. U kimyo va biologiyadan A, o‘zbek tili va adabiyotidan C+, matematika hamda tarix fanlaridan C darajali milliy sertifikat sohibi bo‘ldi.
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 95-maktab bitiruvchisi Berdiyorova Qunduz Sherzod qizi qisqa vaqt ichida besh fandan milliy sertifikat olib, oliy ta’lim muassasasiga muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
U kimyo va biologiya fanlaridan A, o‘zbek tili va adabiyotidan C+, matematika va tarix fanlaridan C darajali milliy sertifikatlarni oldi. Endilikda u Toshkent davlat tibbiyot universitetining Davolash ishi yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
5 ta sertifikat ortidagi to‘xtovsiz harakat
Qunduzning aytishicha, u dastlab kimyo va biologiya fanlaridan milliy sertifikatni 2024-yilda olishni rejalashtirgan. Biroq sertifikat tizimiga kiritilgan yangiliklar sabab imtihonda ishtirok eta olmagan. Shunga qaramay, tayyorgarlikni to‘xtatmay, 2025-yil yanvar oyida yangi tartib asosida o‘tkazilgan imtihonda qatnashib, yuqori natijaga erishgan.
Sertifikatga tayyorgarlik jarayonida fanlarni yodlashga emas, ularning mohiyatini tushunishga harakat qildim. Har bir jarayonni tasavvur qilish xotirani mustahkamlashga ham yordam berdi. Aynan shunday qilganimdan soʻng, bu bilimga ega boʻlish bilan birga ma’lum bir auditoriyaga dars oʻtdim. Ularni ham sertifikat olishiga oʻz hissamni qoʻshib, 15 dan ortiq qizlarga Tibbiyot sohasini qiziqib uni oʻrganishiga sababchi boʻldim, — deydi u.
Bitiruvchi biologiya faniga 11 oy, kimyo faniga esa 2 oy tayyorgarlik ko‘rgan. Dastlab kimyo fanidan B+ natija qayd etgan bo‘lsa, keyingi ikki oylik tayyorgarlik natijasida A darajaga ega bo‘lgan.
Ona tili va adabiyot faniga bir kunlik oflayn hamda bir oylik onlayn tayyorgarlik ko‘rgan. Matematika faniga ikki oy, tarix faniga esa atigi 15 kun tayyorgarlik ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan.
Qat’iy kun tartibi
Sertifikatga tayyorgarlik davrida ba’zi kunlari u atigi 4 soat uxlagan, ayrim paytlarda esa umuman uxlamagan tunlari ham bo‘lgan.
Tonggi soat 5:30–6:00 da repetitorlik mashg‘ulotlari boshlanib, soat 8:00 da maktabga yo‘l olgan. Maktabdan keyin yana kechki soat 20:00–21:00 gacha dars qilgan, uyga qaytgach esa tungi 1–2 gacha tayyorgarlikni davom ettirgan.
Eng muhimi, vaqtni behuda sarflamaslik va kun tartibini to‘g‘ri tashkil qilish ekan, — deydi Qunduz.
Qunduz faqat o‘z natijalari bilan kifoyalanib qolmagan. Hozirga qadar 10 dan ortiq rivojlantiruvchi kurslarda qatnashish orqali bilimlarni egallab, o‘ziga o‘xshagan 50 ga yaqin qizning bilim olishi hamda o‘z ustida ishlashiga ko‘maklashmoqda.
Shuningdek, u tibbiyot fanlariga qiziqqan 15 nafardan ortiq qizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ularning ushbu sohaga qiziqishini oshirishga hissa qo‘shgan.
“Eng avvalo psixologik tayyorgarlik kerak”
Bitiruvchining fikricha, sertifikat imtihoniga tayyorgarlikda bilim bilan bir qatorda ruhiy tayyorgarlik ham muhim.
Imtihongacha bo‘lgan davr, imtihon jarayoni va natijani kutish — bularning barchasi insonni ruhiy jihatdan sinaydi. Bunday paytda ota-onam va ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi menga katta kuch bergan. Ularga buning uchun katta rahmat aytaman, — deya yakunlaydi abituriyent qiz.
Qunduzni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Qashqadaryoda abituriyent qiz 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan avval talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
She’riy kitob, 3 ta sertifikat va “a’lo” bitiruvchi: kelajakda o‘qituvchi va yozuvchi bo‘lishni maqsad qilgan yosh ijodkor bilan suhbat. Intervyuni o‘qish



