Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri “Jasorat maktablari” uchun 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan o‘quv rejalarini tasdiqladi. Yangi o‘quv rejasiga ko‘ra, ayrim fanlar hisobidan matematika, tarix, chet tili va jismoniy tarbiya fanlari chuqurlashtirib o‘qitiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 2-iyuldagi 231-son buyrug‘i bilan “Jasorat maktablari” uchun 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan o‘quv rejalar tasdiqlandi.
Buyruqqa ko‘ra, hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari boshliqlari hamda ta’lim muassasalari direktorlari o‘quv rejalarining to‘liq bajarilishini, natijalarining tahlil qilinishini hamda o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarining belgilangan tartibda taqsimlanishini shaxsan nazorat qiladi.
Tasdiqlangan o‘quv rejasiga muvofiq, ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan “Jasorat maktablari” uchun o‘quv reja ikki qismdan iborat bo‘ladi. Ular:
- majburiy fanlar;
- chuqurlashtirilgan fanlar.
Qaysi fanlarga qo‘shimcha soatlar ajratildi?
Hujjatga ko‘ra, 5–6-sinflarda chuqurlashtirilgan fanlar uchun zarur o‘quv soatlari quyidagi fanlar hisobidan ajratiladi:
Rus tili, Tabiiy fan va Texnologiya fanlaridan — 1 soatdan;
Musiqa madaniyati va Tasviriy san’at fanlaridan — 0,5 soatdan.
Natijada, chuqurlashtirilgan fanlar uchun ajratilgan haftalik oʻquv soatlari quyidagi fanlar soatidan olib berildi:
- Matematika;
- Tarixdan hikoyalar;
- Qadimgi dunyo tarixi;
- Chet tili;
- Jismoniy tarbiya.
Mazkur fanlarning har biriga haftasiga 1 soatdan jami 4 soat qo‘shib berilgan.
Shuningdek, buyruqda ikki guruhga bo‘linib o‘qitiladigan chuqurlashtirilgan fanlar bo‘yicha dars soatlari ikki guruhda o‘qitiladigan fanlar hisobidan ajratilishi belgilangan.
Vazir buyrug‘i va ilovasi — Faylni yuklash
Avvalroq, 17-iyul kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Jasorat maktablari”ga kirish imtihonlarining 2-bosqichi boshqa kunga ko‘chirilgani haqida xabar bergan edik.


