2026/2027-o‘quv yili qabulida maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli qabul kvotalari ajratilgan. Bilim va malakalarni baholash agentligi maqsadli qabul tartibi, tanlovning qanday o‘tkazilishi, grantning amal qilish muddati hamda abituriyentlarni qiziqtirayotgan eng muhim savollarga javob berdi.
Maqsadli qabul nima?
Ayrim sohalar bo‘yicha oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlari ajratiladi.
2026/2027-o‘quv yili uchun maktab ta’limi va sog‘liqni saqlash sohalariga tumanlar kesimida, san’at sohasiga teatrlar kesimida maqsadli kvotalar ajratilgan.
Maqsadli kvota uchun tanlovda faqatgina ushbu hududda doimiy yashaydigan (doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan) abituriyentlargina qatnasha oladi.
Maqsadli qabul asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarga davlat granti to‘liq o‘qish davri (4 yil yoki 6 yil) uchun beriladi.
Bunda abituriyentga OTMni tamomlagandan so‘ng tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
Maqsadli qabul qanday amalga oshiriladi?
Maqsadli qabulni tanlagan abituriyent ham maqsadli kvota bo‘yicha, ham umumiy kvota bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.
Maqsadli qabulni tanlamagan abituriyent esa umumiy kvota bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi, lekin maqsadli kvota bo‘yicha tanlovda ishtirok etmaydi.
Misol uchun, Zomin tumanidan bo‘lgan abituriyent Toshkent davlat tibbiyot universiteti, kunduzgi ta’lim shakli, o‘zbek tili, “Davolash ishi (Zomin tumani)” ta’lim yo‘nalishini tanlasa:
– Dastlab Toshkent davlat tibbiyot universitetiga Zomin tumani uchun Davolash ishi yo‘nalishiga ajratilgan 3 ta maqsadli kvota doirasida tanlovda ishtirok etadi.
– Agar maqsadli kvotaga bali yetmasa, ushbu ta’lim yo‘nalishiga ajratilgan umumiy kvota doirasida tanlovda ishtirok etadi.
Maqsadli kvota bo‘yicha tanlovda ishtirok etib, talabalikka tavsiya etilgan abituriyent umumiy tanlovda ishtirok etmaydi.
Maqsadli qabulda ishtirok etish uchun qaysi tanlov ustuvorligini belgilash kerak?
Maqsadli qabul bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun tanlov ustuvorligining ahamiyati yo‘q.
Abituriyent “Davlat granti” ustuvorligini tanlasa ham, “Ta’lim yo‘nalishi” ustuvorligini tanlasa ham maqsadli qabul uchun tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Abituriyent 5 ta yo‘nalishdan nechtasini maqsadlidan tanlashi mumkin?
Maqsadli kvota ajratilgan ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda hech qanday cheklov yo‘q.
Abituriyent 5 ta ta’lim yo‘nalishini ham maqsadli kvota ajratilgan yo‘nalishlardan tanlashi mumkin (abituriyentning doimiy yashash hududi uchun maqsadli kvota ajratilgan bo‘lsa).
Abituriyent barcha ta’lim yo‘nalishlarini maqsadli bo‘yicha tanlasa, tanlov qanday amalga oshiriladi?
Maqsadli kvota ajratilgan taʼlim yoʻnalishlarini tanlagan abituriyentlarlar har bir taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dastlab maqsadli, soʻngra umumiy kvota doirasida tanlovda ishtirok etadi.
Agar abituriyent maqsadli kvota doirasida talabalikka tavsiya etilsa, umumiy kvota doirasida tanlovda ishtirok etmaydi.
Avvalroq, OTMga kirishda tanlov ustuvorligi nima ekanligi haqida batafsil xabar bergan edik.
