OTMga kirishda tanlov ustuvorligi nima? Qaysi birini tanlash kerak?

OTMga kirishda tanlov ustuvorligi nima? Qaysi birini tanlash kerak?

Har yili abituriyentlar o‘zgaradi. Ammo savollar, tushunmovchiliklar o‘zgarmay qolaveradi. Har yili abituriyentlarni qiynaydigan bir savol bor: tanlov ustuvorligi nima? Tanlov bosqichining eng muhim qismlaridan biri bo‘lgan bu jarayonda, abituriyent ‘‘Ta’lim granti’’ ustuvorligi va ‘‘Ta’lim yo‘nalishi’’ ustuvorligidan birini tanlaydi.

 

Xabaringiz bor, 23-iyul kuni 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari yakunlandi.

 

25-iyuldan boshlab 8-avgustga qadar (shu kuni ham) abituriyentlar qabulning ikkinchi — tanlov bosqichida ishtirok etadi. Bu davrda ular oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo’nalishi, ta’lim shakli hamda tanlov ustuvorligini belgilashi kerak bo‘ladi.

 

Tanlov yakunlangach, 9–17-avgust kunlari yakuniy mandatni shakllantirish ishlari olib boriladi. Natijalar e’lon qilingach, talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar texnikumlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Tanlov ustuvorligi nima?

 

Abituriyentlar ikki xil ustuvorlikdan birini tanlaydi:

 

— ‘‘Ta’lim granti’’ ustuvorligi;

— ‘‘Ta’lim yo‘nalishi’’ ustuvorligi.

 

Ushbu tanlov mandat shakllanishida muhim ahamiyatga ega.

 

‘‘Ta’lim granti’’ ustuvorligi qanday ishlaydi?

 

Agar abituriyent ‘‘Ta’lim granti’’ ustuvorligini tanlasa, tizim avvalo u tanlagan yo‘nalishlarni davlat granti bo‘yicha ketma-ket tekshiradi.

 

Masalan:

 

  • agar birinchi yo‘nalish bo‘yicha grantga balli yetsa, aynan shu yo‘nalishga tavsiya etiladi va qolgan to‘rtta tanlovi ko‘rib chiqilmaydi;
  • birinchi yo‘nalishga grant yetmasa, ikkinchi yo‘nalish granti tekshiriladi;
  • shu tartib beshinchi yo‘nalishgacha davom etadi.

 

Agar beshta yo‘nalishning birortasiga ham grant asosida tavsiya etilmasa, tizim ayni shu ketma-ketlikda to‘lov-kontrakt bo‘yicha tanlovni amalga oshiradi.

 

Ya’ni ushbu ustuvorlikni tanlagan abituriyent uchun asosiy maqsad — imkon qadar grant asosida o‘qishga kirish hisoblanadi.

 

‘‘Ta’lim yo‘nalishi’’ ustuvorligi qanday ishlaydi?

 

Agar ‘‘Ta’lim yo‘nalishi’’ ustuvorligi tanlansa, tizim har bir tanlangan yo‘nalishni navbatma-navbat tekshiradi.

 

Masalan:

 

  • birinchi tanlangan yo‘nalish bo‘yicha avval grant, keyin kontrakt imkoniyati ko‘rib chiqiladi;
  • agar shu yo‘nalishga kira olmasa, ikkinchi yo‘nalish xuddi shu tartibda tekshiriladi;
  • keyin uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi yo‘nalishlar ham ketma-ket ko‘rib chiqiladi.

 

Bu variant ‘‘Qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham aynan tanlagan yo‘nalishimda o‘qishni istayman’’ degan abituriyentlar uchun qulay hisoblanadi.