Davlat oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga 2026/2027-oʻquv yili uchun qabul test sinovlari yakunlandi. Endilikda abituriyentlar 25-iyuldan 8-avgustga qadar oliy taʼlim muassasasi, taʼlim yoʻnalishi va taʼlim shaklini tanlaydi.
Bugun, 23-iyul kuni Davlat oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga qabul test sinovlari yakunlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Unga koʻra, test sinovlarining soʻnggi — oʻninchi kuni (23-iyul)da respublika boʻyicha oʻtkazilgan test sinovlarida rejadagi 45 520 nafar abituriyentdan 45 ming nafardan ortigʻi ishtirok etgan. Chetlatishlar boʻlmagan.
Shuningdek, oʻn kun davomida oʻtkazilgan test sinovlarida qatnashishi belgilangan jami 664 609 nafar abituriyentdan 610 000 nafardan ortigʻi ishtirok etgan boʻlsa, test sinovi topshirish tartib-qoidalarini buzgan 70 nafardan ziyod abituriyent jarayondan chetlatilgan.
Eslatib oʻtamiz, test sinovi topshirgan abituriyentlar toʻplagan ballari asosida test sinovlarining 10-kuni natijalari 24-iyul kuni eʼlon qilingach, 25-iyuldan boshlab, 15 kun davomida ya’ni 8-avgustga qadar (shu kuni ham) 2-bosqich tanlovda ishtirok etishlari, bunda taʼlim muassasalarini, taʼlim yoʻnalishlarini, taʼlim ustuvorliklarini va taʼlim shakllarini tanlashlari mumkin.
Yakuniy natija esa 2-bosqich tanlov muddati tugagandan keyin bir hafta ichida eʼlon qilinadi.
Avvalroq, abituriyentlar testdan keyin nimani tanlashu haqida maʼlumot bergan edik.
