Test sinovlari yakunlanmoqda: abituriyentlar testdan keyin nimani tanlaydi?

Test sinovlari yakunlanmoqda: abituriyentlar testdan keyin nimani tanlaydi?

Oliy taʼlim muassasalariga qabulda test sinovlarini topshirish bilan jarayon yakunlanmaydi. Barcha testlar tugagach, abituriyentlar OTM, taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va tanlov ustuvorligini tanlashi kerak boʻladi.

 

Oliy taʼlim muassasalariga qabul 3-yildan buyon “avval test, soʻng tanlov” tamoyili asosida tashkil etilmoqda. Shu sababli abituriyentlar hujjat topshirish vaqtida faqat test topshiradigan fanlar majmuasini tanlaydi. Oliy taʼlim muassasasi, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli hamda tanlov ustuvorligi esa barcha test sinovlari yakunlangandan keyin belgilanadi.

 

Test natijalari odatda ertasi kuni eʼlon qilinadi. Biroq test natijasini bilish qabul jarayoni yakunlanganini anglatmaydi. Barcha test sinovlari tugagach, abituriyentlarga 15 kun muddat beriladi. Aynan shu davrda ular qabulning ikkinchi bosqichidagi asosiy tanlovlarni amalga oshiradi.

 

Birinchi — OTM va 5 tagacha taʼlim yoʻnalishini tanlash

 

Test sinovlari tugagach, abituriyent fanlar majmuasiga mos keladigan istalgan oliy taʼlim muassasasi va 5 tagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlashi mumkin. Bunda beshta tanlovni turli oliy taʼlim muassasalari orasidan shakllantirishga ruxsat beriladi.

 

Ikkinchi — taʼlim shaklini tanlash

 

Yoʻnalishlar bilan birga taʼlim shakli ham tanlanadi. Abituriyent kunduzgi, kechki yoki masofaviy taʼlim shakllarini tanlashi, shuningdek ularni beshta tanlov orasida aralashtirib ham koʻrsatishi mumkin.

 

Masalan, birinchi va ikkinchi yoʻnalishni kunduzgi, uchinchi va toʻrtinchi yoʻnalishni kechki, beshinchi yoʻnalishni esa masofaviy taʼlim shaklida tanlash mumkin.

 

Uchinchi — tanlov ustuvorligini belgilash

 

Testdan keyingi eng muhim tanlovlardan biri — tanlov ustuvorligini belgilashdir. Abituriyentlar bunda “Davlat granti” yoki “Taʼlim yoʻnalishi” ustuvorligidan birini tanlaydi.

 

Agar davlat granti ustuvorligi tanlansa, abituriyent tanlagan barcha beshta yoʻnalish boʻyicha avvalo davlat granti uchun saralanadi. Grant asosida tavsiya etilmagan taqdirda esa toʻlov-kontrakt boʻyicha tanlovda ishtirok etadi.

 

Masalan, abituriyent uchun qaysi oliy taʼlim muassasasi yoki yoʻnalishga kirishi muhim boʻlmasa, ammo davlat granti asosida oʻqish asosiy maqsad boʻlsa, ushbu ustuvorlikni tanlagani maqsadga muvofiq.

 

Agar taʼlim yoʻnalishi ustuvorligi tanlansa, tizim avvalo birinchi tanlangan yoʻnalish boʻyicha davlat grantini, undan keyin toʻlov-kontraktni koʻrib chiqadi. Agar abituriyent ushbu yoʻnalishga tavsiya etilmasa, ikkinchi yoʻnalish boʻyicha ham xuddi shu tartib qoʻllanadi. Shu tariqa beshinchi tanlovgacha ketma-ket saralash davom etadi.

 

Masalan, abituriyent “Men aynan birinchi tanlagan yoʻnalishimda oʻqishim kerak. Kontrakt boʻlsa ham roziman”, desa, unga taʼlim yoʻnalishi ustuvorligini tanlash tavsiya etiladi.

 

Kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlimni birga tanlash mumkinmi?

 

2022-yildan boshlab abituriyentlarga kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarini aralashtirib tanlash imkoniyati yaratilgan.

 

Shu sababli koʻpchilikni davlat granti ustuvorligi tanlanganda kechki yoki masofaviy taʼlimda tanlov qanday amalga oshirilishi qiziqtirmoqda.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlumotiga koʻra, davlat granti ustuvorligi bu holatda ham xuddi kunduzgi taʼlimdagidek ishlaydi. Faqat kechki va masofaviy taʼlim shakllarida davlat granti uchun kvota ajratilmagani sababli grant bosqichi avtomatik ravishda oʻtkazib yuboriladi va tanlov toʻgʻridan toʻgʻri toʻlov-kontrakt boʻyicha amalga oshiriladi.

 

Agar abituriyent beshta tanlovining barchasida faqat kechki yoki masofaviy taʼlim shakllarini tanlagan boʻlsa, qaysi ustuvorlikni belgilashining amaliy farqi boʻlmaydi. Chunki har ikki holatda ham faqat kontrakt boʻyicha tanlov oʻtkaziladi.

 

Eslatib oʻtamiz, qabul platformasidagi 7- va 8-qadamlar hozircha faol emas. Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlumotiga koʻra, bu bosqichlar barcha test sinovlari yakunlangandan keyin ochiladi. 7-qadamda abituriyentlar OTM, taʼlim yoʻnalishi, taʼlim shakli va tanlov ustuvorligini belgilaydi. 8-qadam esa oliy taʼlim muassasalari boʻyicha mandat eʼlon qilingach, kollej va texnikumlarga hujjat topshirish uchun ochiladi. Test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 7-qadamda OTM va taʼlim yoʻnalishlarini tanlamasa, tanlovda ishtirok eta olmaydi va ularning test natijalari hisobga olinmaydi.

 

Shuningdek, abituriyentlar o‘tgan yillardagi o‘tish ballari bilan tanishish, viloyatlar kesimida statistika va yo‘nalishlarni solishtirish hamda sun’iy intellekt yordamida to‘plagan ballari bilan qaysi oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlariga kirish imkoniyati yuqori ekanini tahlil qilish uchun @mandat_javobbotdan foydalanishlari mumkin.