Qabul platformasidagi 7- va 8-qadamlarning ochilmayotgani ko‘plab abituriyentlarda savollar uyg‘otmoqda. Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, ushbu bosqichlar hozircha faol emas va test sinovlari yakunlangandan keyingina ochiladi. Ular abituriyentlarga oliygoh hamda ta’lim yo‘nalishlarini tanlash jarayonini eslatib turish maqsadida platformada aks ettirilgan.
So‘nggi kunlarda abituriyentlar tomonidan hujjat topshirish platformasidagi 7- va 8-qadamlar nega faol emasligi haqida ko‘plab savollar berilmoqda. Bu bo’yicha Bilim va malakalarni baholash agentligi qabulning birinchi bosqichi (abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish) bo‘yicha ovozli chatda xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur bosqichlar hozircha ochilmaydi. Ularning platformada aks etib turishidan maqsad — abituriyentlarga qabul jarayonining keyingi bosqichlari mavjudligini eslatib turishdir.
O‘tgan yili oliy ta’lim muassasalariga qabul “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etilgan edi. Natijada ayrim abituriyentlar test sinovlarini topshirgan bo‘lsa-da, keyinchalik oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash bosqichini o‘tkazib yuborgan.
Shu sababli joriy yilda ham platformada 7- va 8-qadamlar oldindan ko‘rsatib qo‘yilgan.
Hozirda abituriyentlar 6-qadamgacha bo‘lgan jarayonlarni yakunlaydi. Aynan shu bosqichda test sinovlari uchun ruxsatnoma shakllanadi. Abituriyentlar ruxsatnomani yuklab olib, unda ko‘rsatilgan sana, vaqt va hududda test sinovlarida ishtirok etadi.
Test sinovlari to‘liq yakunlangach, 15 kun davomida 7-qadam ochiladi. Ushbu bosqichda abituriyentlar tanlagan fanlar majmuasiga mos oliy ta’lim muassasalari hamda 5 tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashlari kerak bo‘ladi.
8-qadam esa kasbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, agar abituriyent test sinovlarini topshirgandan so‘ng oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishlarini tanlamasa, tanlovda ishtirok eta olmaydi va uning test natijalari hisobga olinmaydi.
Avvalroq, mutaxassislik fani uchun sertifikatdan foydalanishni rad etgan abituriyent majburiy fandan ham test topshirmasligi haqida xabar bergan edik.
