Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda umumta’lim fanlaridan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar qator imtiyozlardan foydalanishi mumkin. Bunda mutaxassislik fanlari bo‘yicha sertifikatdan foydalanish uchun uni ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tasdiqlash talab etiladi, majburiy fanlar bo‘yicha sertifikatga ega abituriyentlarga esa tegishli fandan maksimal ball berilib, ular ushbu fandan test topshirmaydi.
Xabar berganimizdek, 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari 5-iyundan boshlandi. Abituriyentlar hujjatlarini 25-iyunga qadar (shu kuni ham) my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn tarzda topshirishlari mumkin. Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda umumta’lim fanlaridan milliy yoki xalqaro sertifikati bor abituriyentlar uchun bir qator yengilliklar mavjud.
Bunda sertifikatning amal qilish muddati abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan sanaga nisbatan hisoblanadi. Imtiyozlarni qo‘llashda Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal o‘tish ballariga qat’iy amal qilinadi.
Mutaxassislik fani bo‘yicha (A+, A, B+, B, C, C+ darajalar):
Ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichida abituriyent sertifikatdan foydalanishni tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin:
Agar abituriyent sertifikatdan foydalanishni tasdiqlasa, ushbu fandan test topshirmaydi va sertifikatdagi foizga mos ravishda ball beriladi. Rad etsa umumiy tartibda test sinovida ishtirok etadi.
Majburiy fanlar bo‘yicha:
Agar sertifikat majburiy fanlardan biri bo‘yicha olingan bo‘lsa, abituriyent mutaxassislik fani uchun sertifikatdan foydalanishni tasdiqlashi yoki rad etishidan qat’i nazar tegishli majburiy fandan maksimal ball beriladi. Ya’ni abituriyent ushbu majburiy fandan test topshirmaydi.
Muhim jihati shundaki, o‘zbek, rus, qoraqalpoq tili va adabiyotidan tashqari boshqa fanlar bo‘yicha sertifikatlar imtihon qaysi tilda topshirilishidan qat’i nazar inobatga olinadi. Bir toifadagi ikki yoki undan ortiq imtiyoz mavjud bo‘lsa, ularni qo‘llash ketma-ketligi Bilimni baholash agentligi tomonidan belgilanadi.
Avvalroq, abituriyentlar xalqaro chet tili sertifikatlarini bazaga kiritishda nimalarga e’tibor berishi kerakligi haqida xabar bergan edik.
