Texnikumlarda o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash va ta’lim shaklini o‘zgartirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. O‘quvchilar 2026-yil 10-avgustga qadar tegishli tartib asosida murojaat qilib, o‘qishini boshqa texnikumga ko‘chirish yoki qayta tiklash uchun ariza topshirishi mumkin.
Texnikumlarda tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash hamda ayrim hollarda ta’lim shaklini o‘zgartirish bo‘yicha arizalar qabuli 2026-yil 25-iyuldan 10-avgustga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bir texnikum doirasida bir darajadagi ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash yoki ta’lim shaklini o‘zgartirish bo‘yicha arizalar texnikum direktori nomiga yoziladi.
Agar o‘quvchi bir hududdagi bir texnikumdan boshqa texnikumning mos va turdosh kasbiga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lsa, ariza Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kasbiy ta’lim agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar kasbiy ta’lim boshqarmalari boshlig‘i nomiga taqdim etiladi.
Bir hududdan boshqa hududdagi texnikumga o‘qishni ko‘chirish, shuningdek, bir hududdagi texnikumlar o‘rtasida mos va turdosh bo‘lmagan kasblarga ko‘chirish bo‘yicha arizalar esa Kasbiy ta’lim agentligi direktori nomiga yozilishi lozim.
Shuningdek imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumlar o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirishga oid arizalar ushbu ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan tegishli agentlik rahbari nomiga rasmiylashtiriladi.
O‘quvchilarga arizalarni belgilangan muddat yakuniga qadar topshirish tavsiya etiladi.
Avvalroq, Texnikum o‘quvchilariga “Work and travel” dasturi uchun ssuda ajratilishi haqida xabar bergan edik.
