Qozog‘istonda talabalar tomonidan ishlab chiqilgan AI-Lesson Study platformasi sun’iy intellekt yordamida darslarni rejalashtirish, ta’lim jarayonini tahlil qilish va o‘qitish metodikasini takomillashtirish imkonini beradi. Platformani kelgusida maktablar amaliyotiga joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Kazinform agentligi Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi ma’lumotiga tayanib xabar berdi.
Qozog‘istonlik talabalar AI-Lesson Study nomli raqamli platformani ishlab chiqdi. Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan ushbu platforma o‘qituvchilarga darslarni rejalashtirish, ta’lim jarayonini tahlil qilish va o‘qitish metodikasini takomillashtirishda yordam beradi.
Loyiha Qozog‘iston Milliy qizlar pedagogika universiteti talabalari tomonidan AI-Sana dasturi doirasida Digital Lady texnoparki bazasida ishlab chiqilgan.
Platformani yaratishga dasturchi-muhandis Ramazan Baysultan hamda Lesson Study tadqiqotlari rahbari Lazzat Rsalina ilmiy-metodik jihatdan rahbarlik qilgan.
Platforma “Lesson Study” pedagogik yondashuviga asoslangan. Ushbu metodika o‘qituvchilarning darslarni birgalikda rejalashtirishi, o‘quv jarayonini kuzatishi va natijalarni tahlil qilishi orqali ta’lim sifatini oshirishni ko‘zda tutadi.
XIX asrda Yaponiyada shakllangan bu metodika bugungi kunda AQSh, Singapur, Buyuk Britaniya va boshqa ko‘plab mamlakatlarning ta’lim tizimida qo‘llanilmoqda. Qozog‘istonda esa “Lesson Study” usuli 2012-yildan buyon amaliyotda qo‘llanib kelinadi.
Qayd etilishicha, mazkur ishlab chiqilgan “AI-Lesson Study” platformasi bo‘lajak pedagoglar hamda “Lesson Study” metodologiyasidan foydalanayotgan o‘qituvchilarning tadqiqot faoliyatini yengillashtirishga mo‘ljallangan. Tizim darsni tayyorlash, o‘quvchilarni kuzatish, natijalarni tahlil qilish va yakuniy xulosalarni chiqarish bosqichlarini raqamlashtirish imkonini beradi.
Platforma quyidagi imkoniyatlarni o‘z ichiga oladi:
- tadqiqotchining shaxsiy kabineti;
- sun’iy intellekt vositalari;
- metodik materiallar bazasi;
- tadqiqot masalalarini muhokama qilish uchun forum (bo‘lim).
Loyiha mualliflarining aytishicha, platformani yaratish jarayonida talabalar sun’iy intellektdan foydalangan holda raqamli ta’lim vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tajriba orttirgan.
Kelgusida platforma imkoniyatlarini kengaytirish, uni ta’lim muassasalarida sinovdan o‘tkazish hamda maktab o‘qituvchilari amaliyotiga joriy etish rejalashtirilgan.
Loyihani pedagogika, ilm-fan va raqamli texnologiyalarni birlashtiruvchi “Digital Lady” texnoparki qo‘llab-quvvatladi. Texnoparkda Apple Class, 3D Lab hamda Atom va yadro fizikasi laboratoriyasi faoliyat yuritadi. Ushbu zamonaviy laboratoriyalar yangi ta’lim texnologiyalari va innovatsion yechimlarni ishlab chiqish hamda sinovdan o‘tkazish uchun zarur sharoit yaratmoqda.
Avvalroq, Braziliya ta’lim vazirligi ingliz va ispan tillarini bepul o‘rganish uchun platforma ishga tushirgani haqida xabar bergan edik.

