Senat qo‘mitasi majlisida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi dastlabki tarzda muhokama qilindi. Unga ko‘ra, alifbo 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat bo‘lishi, ayrim harflarning qo‘llanilishiga esa aniqlik kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Xabaringiz bor, joriy yil 7-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisda deputatlar “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasini ma’qullab, hujjatni ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborilgani haqida xabar berilgandi.
O‘zA xabariga ko‘ra, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi dastlabki tarzda muhokama qilingan.
Majlisda keyingi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, o‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda, shuningdek, xalqaro maydonda tobora faol qo‘llanilmoqda. Xorijiy mamlakatlarda ham o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan mutaxassislar tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish taklif etilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat bo‘lishi belgilanmoqda. Shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilgan. Amaldagi alifbo esa 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan iborat.
Muhokama davomida senatorlar qonun kuchga kirgunga qadar lotin yozuvida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarda avvalgi harf shakllarining saqlanib qolishi ularning amal qilishiga yoki muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilmasligini qayd etilgan.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida foydalanilayotgan hujjatlar, blankalar, peshlavhalar, ko‘rsatkichlar hamda boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish talab etilmasligi ta’kidlandi.
Majlis yakunida qoʻmitaning ushbu qonunni Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritish yuzasidan qarori qabul qilindi.
Avvalroq, o‘zbek tilida yana 41 ta yangi atama rasmiy muomalaga kiritilgani haqida xabar berilgandi.
