Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi turli soha va fanlarga oid xorijiy atamalarning o‘zbekcha muqobillarini tasdiqladi. Yangi ro‘yxatdan ‘‘vebinar’’, ‘‘trening’’, ‘‘frilanser’’, ‘‘xostel’’ kabi keng qo‘llanadigan atamalar ham o‘rin olgan.
O‘zbek tilining ilmiy va rasmiy uslubdagi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yana 41 ta yangi o‘zbekcha atama rasmiy muomalaga kiritildi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tomonidan turli fan va faoliyat sohalarida qo‘llaniladigan xorijiy o‘zlashma atamalarning o‘zbek tili qoida va me’yorlariga mos milliy muqobillari ishlab chiqilib, tavsiya etildi.
Yangi ro‘yxatga quyidagi atamalar kiritilgan:
| № | Avval | Endi |
|---|---|---|
| 1 | Akkompanement | Jo‘rnavoz |
| 2 | Antrakt | Tanaffus |
| 3 | Averssena | Sahnaorti |
| 4 | ASKUE | EHNAT (Energiya hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tizimi) |
| 5 | Banket | Ziyofat |
| 6 | Bashmak | Boshmoq |
| 7 | BGS | DOU (Donalab quritish uskunasi) |
| 8 | BPLA | UHA (Uchuvchisiz havo apparati) |
| 9 | Breket | Tishsim |
| 10 | Brend | Xosnom |
| 11 | Vebinar | Veb yig‘in |
| 12 | Datchik | Sezgich |
| 13 | Dedlayn | So‘ngmuddat |
| 14 | Dekoratsiya | Sahnabezak |
| 15 | DPO | MYB (Maydalash-yanchish bo‘limi) |
| 16 | YeES | YET (Yagona elektr tizimi) |
| 17 | Inventarizatsiya | Xatlov |
| 18 | Interaktiv | Interfaol |
| 19 | KVF | AVF (Aylanmali vakuum filtri) |
| 20 | Kommentariy | Izoh |
| 21 | Mikser | Qorg‘ich |
| 22 | LVF | TVF (Tasmali vakuum filtri) |
| 23 | Palatka | Chodir |
| 24 | Negativ | Salbiy |
| 25 | Penoplast | Po‘kak |
| 26 | Penoblok | Po‘kak g‘isht |
| 27 | Poligon TBO | QMCh maydoni (Qattiq maishiy chiqindilar) |
| 28 | Probel | Bo‘shliq |
| 29 | Rakovina | Chanoq |
| 30 | Rasprodaja | Arzonsotuv |
| 31 | Rubilnik | Uzgich |
| 32 | Simptom | Belgi, alomat |
| 33 | SB | BQ (Barabanni quritgich) |
| 34 | Suflyor | Shivirchi |
| 35 | Trening | Mashg‘ulot |
| 36 | Fitosanitariya | Fitohimoya |
| 37 | Frilanser | Erkin ishchi |
| 38 | Emoji | Hisbelgi |
| 39 | Xeshteg | Kalitso‘z |
| 40 | Shpaler | Tokustun |
| 41 | Xostel | Qo‘noquy |
Mazkur tashabbus o‘zbek tilining ilmiy va rasmiy uslubdagi imkoniyatlarini kengaytirish, terminologik tizimni milliylashtirish, atamalarning yagona me’yor asosida qo‘llanilishini ta’minlash hamda davlat tilining nufuzi va mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
