Aqlni charxlaydigan 10 ta til: Til o‘rganishning ilmiy isbotlangan foydalari

Aqlni charxlaydigan 10 ta til: Til o‘rganishning ilmiy isbotlangan foydalari

Xorijiy tillarni o‘rganish nafaqat yangi bilim va imkoniyatlar eshigini ochadi, balki miyaning faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Har qanday yangi tilni o‘zlashtirish xotira, diqqat, fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi yoki hech bo‘lmaganda rezyumeyingizni boyitadi.  Xo‘sh, miyani chiniqtirish uchun qaysi tillarni o‘rganish maqsadga muvofiq?

 

Chet tillarini o‘rganish nihoyatda foydali mashg‘ulot ekaniga deyarli hech kim shubha qilmaydi. Zero, yangi tilni o‘zlashtirish orqali inson nafaqat boshqa xalqning tili, balki uning madaniyati bilan ham tanishadi, dunyoqarashini kengaytiradi, yangi insonlar bilan muloqot qilish, kitoblar o‘qish va filmlarni asl tilida tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Bundan tashqari, chet tilini o‘rganish ba’zan ona tilimiz va o‘z madaniyatimizni ham chuqurroq anglashga yordam beradi. Turli tillarni o‘zaro taqqoslash orqali ularning bir-biriga qanday ta’sir ko‘rsatganini ham kuzatish mumkin.

 

Ammo tillarni o‘rganishning foydasi faqat shular bilan cheklanmaydi. Xo‘sh, dunyodagi minglab tillar orasida miyaga eng ko‘p foyda keltiradigan tillar bormi?

 

Miya uchun mashq

 

So‘nggi bir necha o‘n yillik davomida turli mamlakatlar olimlari har qanday chet tilini o‘rganish inson miyasining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab kelmoqda.

 

Masalan, 2010-yilda Kanadada o‘tkazilgan tadqiqotlar bir nechta tilda so‘zlashadigan odamlar Altsgeymer kasalligiga kamroq chalinishini ko‘rsatgan.

 

2019-yilda italiyalik olimlar guruhi esa chet tillarini o‘rganish 59–79 yoshdagi insonlarning kognitiv (fikrlash va xotira bilan bog‘liq) qobiliyatlariga ijobiy ta’sir qilishini aniqlagan.

 

Aqlni charxlaydigan 10 ta til: Til o‘rganishning ilmiy isbotlangan foydalari

 

Rossiyalik mutaxassislar olib borgan tadqiqotlarda ham ikki yoki undan ortiq tilda so‘zlasha oladigan talabalar faqat ona tilini biladigan tengdoshlariga nisbatan diqqatini yaxshiroq jamlay olishi va tezroq reaksiya ko‘rsatishi kuzatilgan.

 

Bunday holatning sababi shundaki, yangi tilni o‘rganish jarayonida miyada yangi neyron aloqalari shakllanadi. Bundan tashqari, bir nechta tilda so‘zlashadigan inson kerakli so‘zni tanlash, e’tiborini tezda bir vazifadan boshqasiga o‘tkazish kabi ko‘nikmalarni doimiy ravishda mashq qiladi. Bu esa miyani bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarishga o‘rgatadi.

 

“Tanga”ni ikkinchi tomoni ham bor

 

Biroq, adolat yuzasidan aytish kerakki, barcha olimlar ham bu tadqiqotlar natijalariga qo‘shilmaydi.

 

Masalan, Shotlandiyadagi Abertey universiteti olimlari ingliz tili ona tili bo‘lgan yoshi katta insonlar va ikki tilda so‘zlashadigan odamlar o‘rtasida kognitiv testlar o‘tkazgan. Natijalar esa ular orasida sezilarli farq yo‘qligini ko‘rsatgan.

 

Aqlni charxlaydigan 10 ta til: Til o‘rganishning ilmiy isbotlangan foydalari

 

Shunga o‘xshash tadqiqot Ispaniyadagi Basklar mamlakatida ham amalga oshirilgan. Unda ikki tilda gaplashadigan bolalar bilan faqat ispan tilida so‘zlashadigan bolalar taqqoslangan va ularning kognitiv qobiliyatlari orasida statistik jihatdan muhim farq aniqlanmagan.

 

Lekin bunday natijalar chet tillarini o‘rganish foydasiz degani emas. Aksincha, bu mavzuda hali ham ilmiy izlanishlar davom etmoqda.

 

Qaysi tilni o‘rganish kerak?

 

Bugungi kunda dunyoda 7 mingdan ortiq til mavjud. Albatta, ularning barchasini yoki hatto ko‘p qismini o‘rganish aksariyat insonlar uchun amalda imkonsiz. Shu sababli aynan qaysi til miyaga eng katta foyda keltirishini aniq isbotlash ham juda murakkab.

 

Shunga qaramay, vaqti-vaqti bilan ommaviy axborot vositalarida eng “foydali” til haqida turli taxminlar uchrab turadi.

 

Jumladan, ayrim tadqiqotchilar ispan tili uning egalarining umrini uzaytiradi, degan fikrni ilgari surishadi. Ammo bunda tilning o‘zi emas, balki genetika, turmush tarzi va boshqa ko‘plab omillar muhim rol o‘ynashi ehtimoldan xoli emas. Qolaversa, gap ispan tilini keyinchalik o‘rganganlar haqida emas, balki uni ona tili sifatida biladigan insonlar haqida ketmoqda.

 

Tilshunoslarning ta’kidlashicha, ayrim tillarni o‘rganish eshitish qobiliyatini rivojlantiradi va yangi tovushlarni farqlashni o‘rgatadi.

 

Misol uchun, xitoy tilida 4 ta asosiy ohang mavjud bo‘lib, ular so‘zning ma’nosini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Bir xil so‘z turli ohangda aytilsa, mutlaqo boshqa ma’noni anglatadi.

 

Aqlni charxlaydigan 10 ta til: Til o‘rganishning ilmiy isbotlangan foydalari

 

Bundan tashqari, xitoy tilidagi murakkab ieroglif yozuv tizimini o‘zlashtirish, ayniqsa, yevropaliklar uchun ancha mashaqqatli hisoblanadi. Bu jarayonda inson qadimiy Sharq madaniyatiga ham chuqurroq sho‘ng‘iydi.

 

Ba’zi manbalarda hatto xitoy tili egalari matematik qobiliyatlari bilan ajralib turishi haqidagi fikrlar ham uchraydi.

 

Agar yozuv tizimlari haqida gapiradigan bo‘lsak, nafaqat xitoy va yapon ierogliflari, balki arab, fors, ivrit, tay, hind (devanagari) yozuvlarini ham o‘rganish ko‘pchilik uchun oson kechmaydi.

 

Aqlni charxlaydigan 10 ta til: Til o‘rganishning ilmiy isbotlangan foydalari
hanyu (xitoy tili)
Aqlni charxlaydigan 10 ta til: Til o‘rganishning ilmiy isbotlangan foydalari
tay tili

 

Janubiy Afrikada esa “chertma tovushlar” (klik tovushlari) ishlatiladigan tillar keng tarqalgan. Ularning talaffuzini boshqa hududlarda yashovchi insonlar uchun to‘g‘ri takrorlash juda qiyin.

 

Shuningdek, island tili ham talaffuzi murakkab tillardan biri hisoblanadi. Mashhur Eyyafyadlayyokudl (Eyjafjallajökull) vulqoni nomini talaffuz qilishga urinib, qancha odam qiynalgani ko‘pchilikning yodida. Shunga o‘xshash murakkabliklar irland tili va boshqa ayrim kelt tillarini o‘rganishda ham uchraydi.

 

Aqlni charxlaydigan 10 ta til: Til o‘rganishning ilmiy isbotlangan foydalari
Eyyafyadlayyokudl (Eyjafjallajökull) vulqoni

 

Shunday ekan, miyani rivojlantirish uchun eng yaxshi til qaysi ekanini aniq aytish qiyin. Ehtimol, siz uchun eng foydali til — aynan o‘zingiz qiziqadigan va o‘rganishda ma’lum darajada murakkablik tug‘diradigan tildir.

 

Chunki miya aynan murakkab vazifalarni hal qilish jarayonida rivojlanadi. Bu ish uchun zarur bo‘lgan til bo‘ladimi, boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tish uchun kerak bo‘ladimi yoki bugungi kunda so‘zlashuvchilari qolmagan qadimiy til bo‘ladimi — tanlov o‘zingizga bog‘liq.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish