O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Diniy-ma’rifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish tartibi belgilandi. Ushbu magistraturaga qabul diniy-ma’rifiy sohada kamida ikki yillik ish tajribasiga ega oliy ma’lumotli xodimlar orasidan suhbat asosida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-sentabrdagi 503-son qarori bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Diniy-ma’rifiy soha menejmenti” magistratura mutaxassisligiga qabul qilish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab mazkur mutaxassislik bo‘yicha ta’lim kunduzgi shaklda tashkil etiladi. O‘qish davomiyligi bir yil etib belgilangan. 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul istisno tariqasida 2026-yil 1-oktyabrga qadar amalga oshiriladi. Keyingi yillar uchun qabul nizomda belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Magistraturaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tavsiyasiga ega, oliy ma’lumotli va diniy-ma’rifiy sohada kamida ikki yillik ish tajribasiga ega xodimlar nomzod bo‘lishi mumkin.
Nomzodlarni dastlabki saralash har yili 1-fevralga qadar tuziladigan idoralararo komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Bunda hududning boshqaruv kadrlariga bo‘lgan ehtiyoji, nomzodning qonunchilik va siyosiy-huquqiy jarayonlardan xabardorligi, tashabbuskorligi, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi hamda xorijiy tillardan birini bilishi kabi mezonlarga e’tibor qaratiladi.
Nomzodlar idoraviy komissiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
— oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat;
— so‘nggi ikki yildagi faoliyati davomida amalga oshirgan ijobiy ishlari haqidagi ma’lumot;
— ma’lumotnoma-obyektivka;
— ilmiy daraja va unvonlari haqidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa)
— xorijiy tilni bilish bo‘yicha belgilangan darajadagi sertifikat nusxasi bo‘lishi kerak.
Saralashdan o‘tgan nomzodlar bilan iyun–iyul oylarida suhbat o‘tkaziladi.
Suhbatda diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi bilim va huquqiy savodxonlik, boshqaruv va liderlik xususiyatlari, strategik va tahliliy fikrlash, tashabbuskorlik hamda innovatsion yondashuv, notiqlik va muloqot ko‘nikmalari baholanadi.
Suhbat 100 ballik tizimda baholanadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha 20 balldan beriladi. Suhbat jarayoni videotasvirga yozib olinib, kamida bir yil davomida saqlanadi.
Qabul natijalari suhbatda to‘plangan ball va diplomning o‘rtacha bali hisobga olingan holda reyting asosida shakllantiriladi. Yakuniy natijalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
Suhbat natijalaridan norozi bo‘lgan nomzodlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya komissiyasi murojaatni uch ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
