Angliyada farzandidan ayrilgan ota-ona maktab o‘quvchilari uchun bepul yurak tekshiruvlarini moliyalashtirmoqda

Angliyada farzandidan ayrilgan ota-ona maktab o‘quvchilari uchun bepul yurak tekshiruvlarini moliyalashtirmoqda

Buyuk Britaniyada o‘g‘lini yashirin yurak kasalligi sababli yo‘qotgan oila yuzlab maktab o‘quvchilarining bepul yurak tekshiruvidan o‘tishini moliyalashtirdi. Tashabbusning asosiy maqsadi yurak kasalliklarini erta aniqlash va yoshlar o‘limining oldini olishdan iborat.

 

Buyuk Britaniyada oʻgʻlini toʻsatdan yurak faoliyati toʻxtashi oqibatida yoʻqotgan ota-ona oʻz farzandiga nasib etmagan imkoniyatni boshqalarga yaratish maqsadida yuzlab maktab oʻquvchilari uchun bepul yurak tekshiruvlarini moliyalashtirmoqda. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, Angliyaning Xartlpul shahrida yashovchi Lesli va Robin Perkinsning 33 yoshli oʻgʻli Den Kuk toʻsatdan yurak faoliyati toʻxtashi oqibatida hayotdan koʻz yumgan. Ota-onaning fikricha, agar u yoshligida yuragi muntazam tekshiruvdan oʻtkazilganida, ehtimol kasallik oldindan aniqlanib, uning hayotini saqlab qolish mumkin boʻlardi.

 

Shu sababli ular Buyuk Britaniya Milliy sogʻliqni saqlash xizmati (NHS) 40 yoshgacha boʻlgan fuqarolar uchun muntazam yurak skriningini joriy etishi kerakligini taʼkidlab kelmoqda. Hozircha bunday dastur mavjud emasligi sababli, Perkinslar oilasi xayriya mablagʻlari yigʻib, maktab oʻquvchilari va mahalliy aholi uchun bepul tekshiruvlar tashkil etmoqda.

 

Oila shu kungacha qariyb 14 ming funt sterling yigʻishga muvaffaq boʻldi. Ushbu mablagʻ evaziga ikki marotaba yurak skriningi tashkil etilib, unda maktab oʻquvchilari va boshqa fuqarolar bepul tekshiruvdan oʻtkazildi.

 

Buyuk Britaniyadagi Cardiac Risk in the Young (CRY) xayriya tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda har hafta 12 nafargacha yosh yashirin yurak kasalliklari sababli vafot etadi.

 

Robin Perkinsning aytishicha, skrininglarni davlat emas, farzandidan ayrilgan oilalar mablagʻi hisobidan tashkil etishga majbur boʻlayotgani achinarli holat.

 

“NHS bunday tekshiruvlarni oʻtkazmagani afsuslanarli. Shu sababli yaqinini yoʻqotgan oilalar mablagʻ yigʻib, boshqalarga yordam berishga harakat qilmoqda. Odamlardan doimiy ravishda xayriya soʻrash oson emas, ammo biz toʻxtamaymiz”, — deydi u.

 

Maktabdagi tekshiruvlar

 

Perkinslar oilasi oʻgʻli Den taʼlim olgan High Tunstall College of Science maktabiga qaytib, CRY tashkiloti bilan hamkorlikda yurak skrininglarini tashkil etdi.

 

Tekshiruvlar malakali mutaxassislar tomonidan oʻtkazildi. Dastlab ishtirokchilarga elektrokardiogramma (EKG) qilindi. Zarurat tugʻilganda esa yurak ultratovush tekshiruvi (EKO) ham amalga oshirildi. Olingan natijalarni joyning oʻzida shifokor tahlil qildi. Agar yurak faoliyatida shubhali holatlar aniqlansa, bemor qoʻshimcha tekshiruv uchun oilaviy shifokoriga yuborildi.

 

Ushbu loyiha doirasida 104 nafar maktab oʻquvchisi tekshiruvdan oʻtkazildi. Umuman olganda esa Perkinslar oilasi moliyalashtirgan dastur orqali 200 nafarga yaqin kishi yurak skriningidan oʻtdi.

Lesli Perkins bu tashabbusni “achchiq va quvonchli tuygʻular uygʻotadigan” loyiha deb atadi.

 

«Agar bunday skrininglar oʻgʻlimiz yoshligida boʻlganida, balki u bugun hayot boʻlarmidi. Hech boʻlmaganda 200 kishi tekshiruvdan oʻtdi. Ularning orasidan hech boʻlmaganda bir kishida yurak muammosi erta aniqlansa, bu juda katta natija. Ular bizning oʻgʻlimizga nasib etmagan imkoniyatga ega boʻlishadi.«

 

 

Denning ukasi Tomas ham oilaning tashabbusi bilan faxrlanishini aytib, boshqa oilalar oʻzlari boshdan kechirgan fojiani boshdan kechirmasligi uchun qoʻlidan kelganicha yordam berayotganidan mamnunligini bildirdi.

 

Maktab va hukumat munosabati

 

High Tunstall College of Science direktori Mark Tilling bunday tashabbusni mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatlaganini aytgan.

 

Uning soʻzlariga koʻra, Perkinslar oilasi Den xotirasiga katta mablagʻ yigʻib, maktab oʻquvchilarining salomatligini asrashga hissa qoʻshmoqda. Shu bois maktab maʼmuriyati skrininglarni oʻtkazishga darhol rozilik bergan.

 

Buyuk Britaniya Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar departamenti (DHSC) ham oilaning tashabbusini yuqori baholab, yoshlar orasida toʻsatdan yurak oʻlimining oldini olish boʻyicha xabardorlikni oshirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini olqishladi.

 

Departament maʼlum qilishicha, hozirda Buyuk Britaniya Milliy skrining qoʻmitasi yoshlar orasida toʻsatdan yurak oʻlimiga sabab boʻluvchi kasalliklar boʻyicha skrining dasturini joriy etish yuzasidan jamoatchilik muhokamasini oʻtkazmoqda.

 

Shuningdek, Angliyadagi NHS birinchi tibbiy yordam, yurak-oʻpka reanimatsiyasi (CPR) hamda defibrillyatorlardan foydalanish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini muntazam tashkil etayotgani, hukumat tomonidan mahalliy hamjamiyatlarga minglab defibrillyatorlar yetkazib berilgani qayd etildi.

 

Avvalroq, Angliyada ota qizi bilan birga universitetni bitirgani haqida xabar bergan edik.