Buxoro viloyati Qorovulbozor ixtisoslashtirilgan maktabining 11-sinf bitiruvchisi Gadoyev A’zam Shuhratovich SAT imtihonidan 1220 ball, IELTS’dan 6.5 ball hamda ingliz tili bo‘yicha CEFR C1 darajasini qo‘lga kiritdi. Bugungi kunda uning asosiy maqsadi xorijdagi nufuzli universitetlardan birida grant asosida tahsil olib, orttirgan bilim va tajribasini yurt ravnaqi yo‘lida qo‘llashdir.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Bitiruvchining aytishicha, u ingliz tilini 5-sinfdan boshlab jiddiy o‘rganishni boshlagan. Chet tilini puxta biladigan mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotganini anglagan holda, kelajagini xalqaro ta’lim bilan bog‘lashga qaror qilgan.
Chet el universitetlarida o‘qish orqali vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqchiman. Shu maqsadda IELTS va SAT sertifikatlarini olish uchun tinimsiz harakat qildim.
CEFR’ga tayyorgarlik uchun 2–3 oy yetarli bo‘lgan bo‘lsa, IELTS va SAT imtihonlari ancha uzoq va puxta tayyorgarlikni talab qilgan.
Kunlik rejaga qat’iy amal qilish uning muvaffaqiyatidagi eng muhim omillardan biri bo‘lgan. Maktab darslaridan so‘ng u testlar ishlash, ingliz tilidagi badiiy kitoblarni o‘qish, matnlarni tarjima qilish, tinglab tushunish va gapirish ko‘nikmalarini muntazam rivojlantirishga vaqt ajratgan.
Tayyorgarlik davomida rasmiy IELTS va SAT materiallari, Cambridge nashrlari, College Board platformasi hamda turli ta’lim resurslaridan foydalangan. Shuningdek, ustozlarining tavsiyalari va muntazam mock testlar bilimlarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynagan.
Murakkab testlar, tushkunlik va mehnat samarasi
Yuqori natijalar ortida qiyin sinovlar ham bo‘lgan. Ayniqsa, SAT imtihonidagi vaqt bilan ishlash talab etiladigan topshiriqlar hamda IELTS Writing bo‘limi ustida ko‘p ishlashga to‘g‘ri kelgan.
Ba’zan natijalarim kutilganidek chiqmasdi yoki murakkab testlardan keyin o‘zimga bo‘lgan ishonchim pasayardi. Shunday paytlarda nima uchun bu yo‘lni boshlaganimni o‘zimga eslatardim. Yaqinlarim va ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi menga yana kuch bag‘ishlardi.
Imtihon kuni ham hayajon bo‘lgan, biroq muntazam mashg‘ulotlar unga ishonch bergan. Eng hayajonli lahza esa natijalar e’lon qilinishini kutish bo‘lgan.
Natijalarni ko‘rganida esa bir necha oy davom etgan mehnatning samarasini his qilgan.
Bir necha oylik mehnatning samarasini ko‘rish juda yoqimli edi. Eng muhimi, qilgan mehnatlarim bekorga ketmaganini angladim. Shu bilan birga, yana biroz ko‘proq harakat qilganimda bundan ham yuqori natijaga erishishim mumkinligini o‘yladim, – deydi u.
“Natija birdaniga kelmaydi”
Bitiruvchi sertifikat olishni rejalashtirayotgan tengdoshlariga eng avvalo muntazam reja asosida ishlashni tavsiya qiladi. Uning fikricha, ko‘proq amaliy testlar ishlash, xatolarni tahlil qilish va vaqtni to‘g‘ri boshqarishni o‘rganish muvaffaqiyat kalitidir.
Bugungi kunda u bilimlarini yanada mustahkamlash ustida ishlamoqda. Asosiy maqsadi xorijiy universitetlardan birida grant asosida tahsil olish, xalqaro tajriba orttirish va keyinchalik bu bilimlarni O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida qo‘llashdir. Shu bilan birga, u axborot texnologiyalari (IT) sohasiga ham katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi.
A’zamni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, IELTS 7.0, SAT 1300 va ikkita milliy sertifikatlar olgan buxorolik o‘quvchi bilan suhbatlashilgan edi.
