Buxoro shahridagi 38-sonli umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Islamova Umida muddatidan avval talabalikka tavsiya etilgan oʻquvchilardan biri. U IELTSʼdan 7.0, SATʼdan 1300 ball, shuningdek, ona tili va adabiyoti hamda tarix fanlaridan B daraja milliy sertifikatlarini qoʻlga kiritgan. Endilikda u Toshkent davlat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Jahon iqtisodiyoti yoʻnalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.
“Sertifikat olish gʻoyasi menda 9-sinfda paydo boʻlgan. Dastlab IELTS olishni maqsad qilib ingliz tilini oʻrganishni boshladim. Keyinchalik SAT hamda milliy sertifikatlarga tayyorlandim” — deydi u.
Umida ingliz tilini bir yil davomida oʻrgangan. SAT imtihoniga yetti oy, ona tili va adabiyoti hamda tarix fanlariga esa ikki oy tayyorgarlik koʻrgan.
Muvaffaqiyatning siri — intizom va tinimsiz mehnat
Yuqori natijalarga erishishda muntazam tayyorgarlik muhim rol oʻynagan. Oʻquvchining aytishicha, ustozlari bergan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarish, qoʻshimcha testlar ishlash va yangi bilimlarni izchil oʻzlashtirish unga katta yordam bergan.
“Ustozlarim bergan har bir vazifani bajarishga harakat qilardim. Bundan tashqari, qoʻshimcha testlar ishlab, yangi mavzularni oʻrganishni odat qilganman” — deydi oʻquvchi qiz.
Imtihon savollari murakkab boʻlgan boʻlsada, avvaldan shunga oʻxshash topshiriqlar ustida ishlagani sababli u testlarda qiyinchilikka duch kelmagan:
“Savollar men kutganimdek oson emas edi. Ammo tayyorgarlik davomida shunday testlarni koʻp ishlaganim uchun bu menga muammo tugʻdirmadi.”
“Mening eng katta kuchim — ota-onam va ustozlarim”
Umida oʻz muvaffaqiyatini oilasi va ustozlarining qoʻllab-quvvatlashisiz tasavvur qila olmasligini aytadi.
“Ota-onam menga doimo ishondi. Eng yaxshi kurs va repetitorlarda oʻqishim uchun barcha sharoitni yaratib berdi. Qiyin paytlarimda yonimda boʻlib, ruhiy dalda berishdi. Men ulardan juda minnatdorman.”
U maktabdagi darslarni ham muntazam davom ettirgan. Imtihonlardan bir hafta oldin esa maktab rahbariyati tayyorgarlikni kuchaytirishi uchun unga qoʻshimcha vaqt ajratgan.
Baʼzan uy vazifalari va testlar sabab kech uxlashiga toʻgʻri kelgan boʻlsada, bu uning maqsadidan voz kechishiga sabab boʻlmagan. Yangi mavzularni oʻzlashtirishda qiynalgan paytlarida esa ustozlarining tavsiyalari va motivatsiyasi unga dalda bergan.
“Bilimni tushunib oʻrganing va hech qachon taslim boʻlmang”
Bugun muddatidan avval talabalikka tavsiya etilgan Umida oʻz tengdoshlariga ham tavsiyalarini beradi. Uning fikricha, yuqori natijaga erishishning eng muhim sharti mavzularni chuqur tushunish va muntazam mashq qilishdir.
“Testda yuqori ball olish uchun darsliklarni shunchaki yodlash emas, balki mavzularni yaxshilab tushunish kerak. Muntazam ishlasangiz, natija albatta boʻladi” — deydi u.
Hozirda Umida yozgi taʼtildan unumli foydalanmoqda. U matematika kursiga qatnab, kelgusidagi oʻqishi uchun zarur bilimlarni mustahkamlashni davom ettirmoqda.
“Taʼtilni ham bekor oʻtkazishni istamadim. Hozir matematika bilan shugʻullanyapman va oʻzimni yanada rivojlantirishga harakat qilyapman” — deydi qahramonimiz.
