Direktor jamg‘armasi mablag‘lari bo‘yicha buyruqlarni elektron kelishish tartibi joriy etildi

Direktor jamg‘armasi mablag‘lari bo‘yicha buyruqlarni elektron kelishish tartibi joriy etildi

Direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oylik ustama, mukofot va moddiy yordam toʻlash boʻyicha buyruq loyihalarini kelishishning yangi tartibi joriy etildi. Endilikda ushbu buyruq loyihalari “E-huquqshunos” elektron tizimi orqali tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining bosh hisobchisi bilan majburiy tartibda kelishiladi.

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 11-iyundagi 05-40-3798-son koʻrsatma xati bilan direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan toʻlovlarni kelishish tartibi yuzasidan qoʻshimcha tushuntirish berildi.

 

Koʻrsatmada qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, pedagog xodimlarga bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustamalar belgilash, umumtaʼlim muassasalari xodimlarini mukofotlash hamda moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha qarorlar ishchi guruhi majlisi va pedagogik kengash fikrlarini inobatga olgan holda qabul qilinadi.

 

Shuningdek, direktor jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar yetarli boʻlmagan hollarda ushbu mablagʻlar hisobidan toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha buyruqlar rasmiylashtirilishi amaldagi tartibga zid ekani taʼkidlangan. Bunday holatlar toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilmasligiga hamda fuqarolar murojaatlarining koʻpayishiga sabab boʻlayotgani qayd etilgan.

 

Shu munosabat bilan vazirlik tomonidan “E-huquqshunos” elektron tizimida umumtaʼlim muassasalari tomonidan kiritilayotgan buyruq loyihalarini tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bosh hisobchilari bilan kelishish funksiyasi joriy etilgani maʼlum qilindi.

 

Koʻrsatmaga koʻra, direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan oylik ustama, mukofotlash va moddiy yordam berish boʻyicha buyruq loyihalari avvalo bosh hisobchi bilan kelishilishi lozim. Buyruq loyihalari bir ish kuni ichida koʻrib chiqilishi, kelishish jarayonida esa toʻlovlarning tashkilotga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratilishi belgilangan.

 

Mazkur tartib direktor jamgʻarmasi mablagʻlaridan oqilona foydalanishni taʼminlash, moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Avvalroq, MMTV maktab xodimlariga ogʻir kasallik sababli moddiy yordam ajratish tartibini qoʻllash yuzasidan koʻrsatma bergan edi.