Bugun, 30-iyun Yoshlar kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida qator tashabbuslar ilgari surildi:
- yoshlarga zamonaviy kasb-hunarni oʻrgatish maqsadida “Kelajak bilimlari ekotizimi” yoʻlga qoʻyiladi;
- kasb egallamoqchi bo‘lgan yoshlarga “kasb vaucheri” va bepul vaucher tizimi joriy etiladi;
- “Ustoz-talaba” dasturi asosida yoshlarni oliygohga kirishiga ko‘maklashgan talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball, davlat stipendiyalarini olishda ustuvorlik beriladi;
- “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi hamda faol yoshlarga grant va qator imtiyozlar beriladi;
- “Muhandis qizlar” va “Muhammad al-Xorazmiy” nomidagi davlat stipendiyalari ta’sis etiladi;
- xorijda o‘qiyotgan talabalar va ish beruvchilarni bog‘lovchi muloqot platformasi ishga tushiriladi;
- Ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Qanot” loyihasi tashkil etiladi;
- milliy ruhdagi o‘yinlarni ko‘paytirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligiga “Tashabbuslar ofisi”ni tashkil qilib, har bir g‘oyani loyihaga, mahsulotga va xizmatga aylantirish bo‘yicha ishlarni boshlash topshirildi. Buning uchun 50 milliard so‘m ajratiladi.
“Aziz o‘g‘il-qizlarim!
Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, doim ruhlanaman.
Siz – aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: katta-katta marralar sari olg‘a qadam tashlang, o‘qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho‘chimang, mehnatdan qochmang!
Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz bor, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o‘rgatgan ustoz va murabbiylaringiz bor, sizlarga hamisha tayanch va suyanch bo‘ladigan, ishonadigan va doim qo‘llab-quvvatlaydigan Prezidentingiz bor!
Yo‘lingiz ochiq, niyatingiz ulug‘, qaddingiz baland bo‘lsin!” – dedi Prezident yoshlar bilan muloqot yakunida.
Bundan tashqari, “Muhammad al-Xorazmiy” nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi. Mazkur stipendiya axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga beriladi.
