Ayni damda Yoshlar kunida Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qilmoqda. Unda “ustoz-talaba” dasturi asosida yoshlarni o‘qitib, oliygohga kirishiga ko‘maklashgan talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball, davlat stipendiyalarini olishda ustuvorlik beriladi.
Muloqot davomida Prezident oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorga yosh mutaxassis uchun daromad va ijtimoiy soliq bir yil ichida 1 foiz etib belgilanishini e’lon qildi. Bu 200 mingga yaqin oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar uchun katta rag‘batga aylanadi.
“Hozirda ijtimoiy reyestrga kirmagan, lekin ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmat, migratsiya va jazoni o‘tab qaytgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yana 1 million yoshlarimiz bor. Ularga ozgina yordam berilsa, o‘z yo‘lini topa oladi”.
Qayd etilishicha, bunday yoshlar bilan ishlash bo‘yicha “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etiladi. Bu jarayonda “ustoz-talaba” dasturi asosida uyushmagan yoshlarni o‘qitib, oliygohga kirishiga ko‘maklashgan talabalarga magistraturaga kirishda qo‘shimcha ball, davlat stipendiyalarini olishda ustuvorlik beriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda savdo, servis, ishlab chiqarish sohalarida o‘z brendiga ega minglab yoshlar bor. Prezident ularni uyushmagan tengdoshlariga biznesni o‘rgatishga, o‘z brendi asosida ishlashga sharoit yaratib, daromad topishiga ko‘maklashishga chaqirdi.
Shu maqsadda “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi ishga tushiriladi. Ularga faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli shartlarda yer va kredit beriladi.
Mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Mazkur dasturlarni moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Avvalroq, muloqot davomida yoshlarga zamonaviy kasb-hunarni oʻrgatish maqsadida “Kelajak bilimlari ekotizimi” yoʻlga qoʻyilishi haqida ma’lum qilingandi.
