SATʼdan 1200 va undan yuqori natijasi boʻlgan talabgorlarning barchasi oʻqishga kiradimi yoki yoʻq? Qabul shartlari boʻyicha tushuntirish

SATʼdan 1200 va undan yuqori natijasi boʻlgan talabgorlarning barchasi oʻqishga kiradimi yoki yoʻq? Qabul shartlari boʻyicha tushuntirish

SAT sertifikati bilan qoʻshimcha davlat grantiga qabul qilish shartlari belgilandi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

 

Xoʻsh, asosiy talablar nimalardan iborat? SAT sertifikati bor barcha talabgorlar oʻqishga kiradimi?

 

SAT sertifikatiga (1200 va undan yuqori ball) ega boʻlgan abituriyentlarni qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul qilish koʻrsatkichlari oliy taʼlim tashkilotining kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha fanlar majmuasi “matematika” va “chet tili” fanlari boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari qabul parametrining 50 foizi miqdorida belgilanadi.

 

Bu nima degani? Masalan, Jurnalistika universitetining marketing yoʻnalishi uchun joriy yilgi kvota 20 ta etib belgilangan boʻlsa, SAT sertifikati bor abituriyentlar uchun qoʻshimcha 10 ta davlat granti oʻrni ajratiladi. Agar umumiy kvotaning 50 foizi butun son boʻlmasa, 0.5, butun oʻrin ajratiladi. Deylik, umumiy kvota 23 ta boʻlsa, 12 ta qoʻshimcha davlat granti ajratiladi.

 

SAT sertifikati bor barcha talabgorlar oʻqishga kiradimi?

 

Qabul shartlarida shu belgilandiki, abituriyentlarning SAT sertifikati boʻyicha ballari ularni qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qabul qilishda asosiy mezon hisoblanadi. Yaʼni, qoʻshimcha davlat granti uchun talabgorlar SAT sertifikati boʻyicha ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda oʻqishga tavsiya etiladi.

 

Masalan, marketing yoʻnalishiga 10 ta qoʻshimcha davlat granti ajratilgan va 20 nafar sertifikati bor abituriyent hujjat topshirgan. Ushbu holatda SATʼdan natijasi eng yuqori boʻlgan 10 nafari oʻqishga qabul qilinadi.

 

Shuningdek, agar ajratilgan qoʻshimcha qabul koʻrsatkichining quyi chegarasidagi abituriyentning SAT sertifikati boʻyicha baliga undan keyingi abituriyentlarning ballari teng boʻlib qolgan taqdirda, ushbu abituriyentlar ham ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga talabalikka tavsiya etiladi. Misol uchun, oxirgi oʻrin uchun raqobatlashayotgan 3 nafar abituriyentning SAT bali teng boʻlsa, belgilangan kvotadan oshgan taqdirda ham uchalasi ham oʻqishga qabul qilinadi.

 

 

Oʻqishga qabul qilinmaganlar uchun qanday imkoniyatlar beriladi? Ular umumiy kvota doirasida ham kurashadimi?

 

SAT sertifikatiga ega, lekin roʻyxatdan oʻtishda tanlagan beshtagacha yoʻnalishga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga, vakant (boʻsh) qolgan qoʻshimcha grant joylariga kirish imtihonlari natijalari eʼlon qilingan sanadan bir haftadan soʻng bir hafta muddat davomida qayta roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi.

 

Bundan tashqari, SAT sertifikatiga ega abituriyentlarga ushbu imtiyozdan foydalanish yoki imtiyozdan foydalanmasdan test sinovi natijasiga koʻra, umumiy tartibda tanlovda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi. Yaʼni, sertifikati bor abituriyentlar ham barcha qatori test sinoviga kirishi va natijasiga koʻra umumiy kvota doirasida oʻqishga topshirishi mumkin boʻladi.

 

Eslatma! SAT sertifikati 2026-yil 25-iyun kuniga qadar (shu kuni ham) DI kod orqali Bilim va malakalarni baholash agentligiga kelib tushgan abituriyentlarga belgilangan imtiyoz tatbiq etiladi.