2026/2027-oʻquv yilida abituriyentlarni oliy taʼlim tashkilotlariga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilishda “College Board” tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan “Scholastic Aptitude Test – SAT” sertifikatini qoʻllash quyidagicha amalga oshiriladi.Bu haqida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlum qildi.
“Scholastic Aptitude Test – SAT” sertifikatiga (1200 va undan yuqori ball) ega boʻlgan abituriyentlar uchun qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari oliy taʼlim tashkilotining kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha fanlar majmuasi (taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fan) “matematika” va “chet tili” fanlari boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari qabul parametrining 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Bunda:
- qabul parametrining 50 foizi butun son boʻlmagan holatda ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida qoʻshimcha qabul koʻrsatkichi yuqori songa yaxlitlangan holda belgilanadi;
- roʻyxatdan oʻtishda fanlar majmuasi sifatida “matematika” va “chet tili” fanlarini tanlagan hamda SAT sertifikati 2026-yil 25-iyun kuniga qadar (shu kuni ham) DI kod orqali Bilim va malakalarni baholash agentligiga kelib tushgan abituriyentlarga belgilangan imtiyoz tatbiq etiladi;
- abituriyentlarning SAT sertifikati boʻyicha ballari ularni qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qabul qilishda asosiy mezon hisoblanadi;
- abituriyentlar tanlagan beshtagacha oliy taʼlim tashkiloti, bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga SAT sertifikati boʻyicha ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi;
- ajratilgan qoʻshimcha qabul koʻrsatkichining quyi chegarasidagi abituriyentning SAT sertifikati boʻyicha baliga undan keyingi abituriyent(lar)ning bal(lar)i teng boʻlib qolgan taqdirda, ushbu abituriyent(lar) ham ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga talabalikka tavsiya etiladi;
- SAT sertifikatiga ega abituriyentlarga ushbu imtiyozdan foydalanish yoki imtiyozdan foydalanmasdan test sinovi natijasiga koʻra umumiy tartibda tanlovda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;
- SAT sertifikatiga ega, biroq roʻyxatdan oʻtishda tanlagan beshtagacha yoʻnalishga talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga, vakant (boʻsh) qolgan qoʻshimcha grant joylariga kirish imtihonlari natijalari eʼlon qilingan sanadan bir haftadan soʻng bir hafta muddat davomida qayta roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi;
- Bilim va malakalarni baholash agentligining qaydnomalari ushbu abituriyentlarni talabalikka qabul qilish boʻyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun asos boʻladi.
