Surxondaryolik abituriyent 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Surxondaryolik abituriyent 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi 10-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Qurbonova Durdona Zayniddin qizi beshta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talabalik maqomini qo‘lga kiritdi. Yosh bitiruvchi kimyo fanidan A, biologiyadan B+, tarixdan C, matematikadan C hamda o‘zbek tili va adabiyotidan C darajali sertifikatlarga ega bo‘ldi.

 

Durdona kelgusida Toshkent davlat tibbiyot universitetining Davolash ishi fakulteti talabasi bo‘lishni maqsad qilgan. Uning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi ilk bor o‘tgan yilning bahor oylarida paydo bo‘lgan. Bu yo‘lda ilk tavsiyani biologiya fani o‘qituvchisi bergan va aynan shu tavsiya uni katta maqsad sari yetaklagan.

 

Maqsad sari uzoq va mashaqqatli yo‘l

 

Yuqori natijalarga erishish uchun Durdona bir necha yil davomida izchil tayyorgarlik olib bordi. U biologiya faniga 1,5 yil, kimyo faniga 2,5 yil, tarix faniga 1 oy, ona tili va matematika fanlariga esa 3 oydan vaqt ajratgan.

 

Bitiruvchining ta’kidlashicha, ushbu muvaffaqiyatda ustozlarining hissasi katta bo‘lgan. Biologiya fanidan “EMR” maktabi asoschisi Ergashev Ma’rufjon, kimyo fanidan “Kenjayev” maktabi asoschisi Kenjayev Nuriddin, ona tili fanidan Do‘syorov Husan, tarix fanidan Elbek Mengliyev hamda matematika fanidan Norqobilov Luqmon unga yaqindan ko‘mak bergan.

 

Qiyinchiliklar mehnat bilan yengildi

 

Durdona uchun maktabdagi darslar va repetitor mashg‘ulotlarini bir vaqtda olib borish dastlab oson kechmagan. Biroq u o‘z ustida ishlash orqali bu muammolarni yengib o‘tgan.

 

Darslarni kechasi o‘qishni unchalik yoqtirmasdim. Men uchun ko‘p o‘qishdan ko‘ra sifatli o‘qish muhim edi, — deydi u.

 

Kimyo fanidan ilk urinishda B darajali sertifikat olgani uni biroz ranjitgan. Ammo ustozining qo‘llab-quvvatlashi va o‘ziga bo‘lgan ishonch tufayli keyingi topshirishda A darajali sertifikatni qo‘lga kiritgan.

 

“Xato qilish ayb emas”

 

Abituriyent muvaffaqiyatga erishishda xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish muhimligini ta’kidlaydi.

 

 Xato qilish ayb emas, bir xatoni ikkinchi marta takrorlash ayb, — deydi Durdona.

 

Uning fikricha, telefonga haddan tashqari berilib ketish ko‘pincha o‘quvchining irodasizligi bilan bog‘liq. Shu sababli maqsad sari intilgan inson vaqtini to‘g‘ri boshqarishi kerak.

 

Durdona maktablarda o‘quvchilar uchun qo‘shimcha qiziqarli to‘garaklar tashkil etilishi foydali bo‘lishini aytadi. Hozirda esa u o‘z ustida ishlashda davom etib, rus va ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirish maqsadida kurslarga qatnamoqda.

 

Durdonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Surxondaryoda 10-sinf bitiruvchisi 189 ballni muddatidan oldin naqd qilgani haqida xabar bergan edik.