Maktab o‘quvchilari ishtirokida tuzilgan 4 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh fosh etildi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentiga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolardan biri 4 nafar shaxsdan iborat guruh tomonidan tazyiq va tahdid ostida qolganini bildirib murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, ushbu guruh jabrlanuvchiga nisbatan zo‘rlik ishlatib, uni giyohvand moddalar tarqatishda ayblashga majburlagan hamda ushbu holatni videotasvirga olib, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitgan. Shuningdek, ular jabrlanuvchini o‘ldirish bilan tahdid qilib, undan 500 AQSh dollari miqdorida pul talab qilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur guruh a’zolari Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi avtoturargohlardan birida pul mablag‘larini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Ular jami 300 AQSh dollari va 2 million 400 ming so‘m pulni olayotgan paytda ushlangan.
Guruhdan 6 dona mobil telefon, 1 dona pichoq va 1 dona o‘tkir tig‘li buyum ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat guruhining ikki a’zosi 2006-yilda tug‘ilgan shaxslar bo‘lsa, qolganlari 2008 va 2009-yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchilaridir.
Mazkur holat yuzasidan guruh yetakchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi (tovlamachilik), 127-moddasi 3-qismi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) hamda 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qolgan guruh a’zolariga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi ochilgan.
Avvalroq, Fargʻonada maktab oʻquvchilariga tahdid qilib, ularni qoʻrqitgan jinoiy guruh aniqlangani haqida xabar bergan edik.
