Kanada hukumati 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi

Kanada hukumati 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etdi

Joriy yilning 10-iyun kuni Kanada hukumati 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash yuzasidan yangi qonun loyihasini e’lon qildi. Ayrim xavfsizlik standartlariga javob beradigan platformalar bundan mustasno bo‘lishi mumkin.

 

Kecha, 10-iyun kuni Kanada hukumati raqamli xavfsizlikka oid yangi qonun loyihasini parlamentga kiritdi. Unga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanadi. Biroq ma’lum xavfsizlik talablariga javob beradigan platformalar uchun istisnolar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.

 

Hukumat vakilining ma’lum qilishicha, qonun loyihasi sun’iy intellekt asosidagi chat-botlar faoliyatini ham xavfsizroq qilishni maqsad qilgan. Buning uchun maxsus raqamli regulyator tashkil etilib, u xavfsizlik standartlarini belgilab beradi.

 

Talablarga rioya qilmagan kompaniyalar global daromadining 3 foizigacha yoki 10 million Kanada dollari (taxminan 7,2 million AQSH dollari) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Jarima miqdori ushbu ikki summadan qaysi biri ko‘proq bo‘lsa, o‘sha asosida belgilanadi.

 

Kanadaning identifikatsiya va madaniyat vaziri Mark Millerning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellekt chat-botlari inson e’tiborini maksimal darajada jalb qilish uchun ishlab chiqilgan.

 

Ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellekt chat-botlari bolalarning sog‘lom rivojlanishiga xizmat qilmaydi. Ular ko‘plab yosh kanadaliklar uchun xavotir, yolg‘izlik, depressiya va boshqa ruhiy salomatlik muammolarining manbaiga aylangan, — dedi vazir.

 

Uning ta’kidlashicha, yangi qonun yoshlar uchun xavfsizroq muhit yaratadi, ularni real hayotda ko‘proq muloqot qilishga, do‘stlar orttirishga, o‘qishga e’tibor qaratishga va hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam beradi.

 

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil dekabr oyida Avstraliya 16 yoshga to‘lmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Qonun kuchga kirganidan bir oy o‘tib, ijtimoiy tarmoq kompaniyalari umumiy hisobda qariyb 5 million nafar o‘smirning akkauntlarini o‘chirib tashlagan.

 

Kanada hukumati mutaxassislarining aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi taxminan bir yil davom etishi mumkin. Hujjat qabul qilingach, yangi raqamli regulyatorni tashkil etish uchun yana 18 oy vaqt talab etiladi.

 

YouTube platformasiga egalik qiluvchi Google kompaniyasi vakili kompaniya barcha platformalar uchun yuqori xavfsizlik standartlarini joriy etish masalasida federal hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ota-onalarga farzandlari uchun xavfsizroq internet muhitini tanlash imkonini beradi.

 

Facebook va Instagram platformalariga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi vakili esa quyidagicha bayonot berdi:

 

Biz ham yoshlar uchun xavfsiz va ijobiy onlayn muhit yaratilishini istaymiz. Hozirda Raqamli xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun tafsilotlarini o‘rganmoqdamiz.

 

Ilgari Twitter nomi bilan tanilgan X platformasi hamda Snapchat kompaniyasi esa bub o‘yicha hozircha izoh bermagan.

 

Ayni paytda Fransiya, Daniya va Polsha ham bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga oid qoidalarni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Gretsiya esa 2027-yil yanvaridan boshlab 15 yoshga to‘lmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlashini ma’lum qilgan.