Qozog‘istondagi maktablarda sun’iy intellekt joriy etilishi bo‘yicha Farmon imzolandi

Qozog‘istondagi maktablarda sun’iy intellekt joriy etilishi bo‘yicha Farmon imzolandi

Qozog‘istonda o‘rta ta’lim tizimiga sun’iy intellekt joriy etilishi bo‘yicha Prezident Farmoni imzolandi. Unda 2026-yil 1-sentyabrga qadar o‘rta ta’lim tizimida sun’iy intellektdan foydalanish standartlari tasdiqlanishi rejalashtirilgan.

 

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev “O‘rta ta’lim tizimiga sun’iy intellektni joriy etish choralari” farmonini imzoladi.

 

Farmonning asosiy maqsadi — sun’iy intellekt tez rivojlanayotgan sharoitda Qozog‘iston Respublikasining barqaror rivojlanishini ta’minlash hamda zamonaviy, innovatsion ta’lim tizimini inson kapitalining asosiy elementi sifatida shakllantirish uchun sharoit yaratishdan iborat.

 

“Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyulgacha hukumat tomonidan 2026–2029-yillarda o‘rta ta’lim tizimiga sun’iy intellektni keng joriy etishga qaratilgan Kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi. U shaxsiylashtirilgan o‘qitish mexanizmi, raqamli infratuzilma, pedagog kadrlarni tayyorlash va o‘quvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishni nazarda tutadi”, — deya xabar bergan prezident matbuot xizmati.

 

Farmonda Li Kai-Fu tavsiyalari amaliyotda qo‘llanilishi, shuningdek, hukumat tomonidan 2026-yil 1-iyungacha o‘rta ta’lim sohasida pilot loyiha amalga oshirish va keyinchalik kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar kiritilishi nazarda tutilgan. Ushbu yangiliklar shahar va qishloq maktablari o‘rtasidagi ta’lim sifati farqini kamaytirishga qaratilgan.

 

2026-yil 1-avgustga qadar pilot loyiha doirasida maktablarni texnik jihozlash, shu jumladan barqaror yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash belgilangan.

 

2026-yil 1-sentyabrga qadar o‘rta ta’lim tizimida sun’iy intellektdan foydalanish standartlari tasdiqlanishi rejalashtirilgan.

 

“Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrgacha doimiy professional rivojlanishni ta’minlovchi va pedagoglarning kasbiy faoliyatiga zarar yetkazmasdan o‘quv jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalarini samarali qo‘shimcha vosita sifatida ishlatishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi qabul qilinadi”, — deyiladi xabarda.

 

Hukumatga o‘rta ta’lim tashkilotlarida shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va ta’lim kontenti davlat umummajburiy ta’lim standartlariga mos bo‘lishini ta’minlash choralari yuklatilgan.

 

“Ostona, Olmaota, Chimkent shahar hokimliklari va viloyatlar hokimliklariga: 2026-yil 1-avgustga qadar Kompleks reja bilan muvofiqlashtirilgan hududiy rejalari tasdiqlanishi; pilot loyiha va Kompleks rejani amalga oshirish uchun tashkiliy va boshqa choralarni ko‘rish; ushbu farmon ijrosini Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining ma’muriyatiga nazorat qilish yuklatilgan”, — deya qayd etadi Oqo‘rda matbuot xizmati.

 

Ma’lumot uchun, Oqo‘rda matbuot xizmati (Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti qarorgohi) — Qozog‘iston Prezident Administratsiyasining ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, davlat rahbari faoliyatini yoritish va rasmiy bayonotlarni chop etish uchun mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

 

Avvalroq, Qozog‘istonda Sun’iy intellekt akademiyasi ochilgani haqida xabar berilgandi.