Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, xorijdagi vatandosh oʻquvchilarda oʻzbek tiliga boʻlgan qiziqish va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasi tashkil etiladi. Olimpiada gʻoliblari esa respublika oliy taʼlimida imtihonsiz oʻqishga qabul qilinish imkoniyatiga ega boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2026-yil 18-maydagi 250-son qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra:
— Xorijiy davlatlarda oʻzbek tilida taʼlim olayotgan oʻquvchilarning tilga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirish va oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasi har yili anʼnaviy tarzda oʻtkazib boriladi.
— Olimpiadada ishtirok etish uchun xorijiy davlatlarda istiqomat qiluvchi, vatandosh boʻlgan 14-18 yoshdagi maktab oʻquvchilari maxsus elektron platforma orqali roʻyxatdan oʻtadi.
— Olimpiada nazorat materiallari va imtihon tizimini tayyorlash hamda jarayonlarning shaffofligini taʼminlash Fan olimpiadalari markazi va “Vatandoshlar” jaomat fondi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
— Xalqaro olimpiada gʻoliblari va sovrindorlari boʻlgan xorijlik oʻquvchilarga respublika oliy taʼlim tashkilotlarining “Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili” yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga qabul qilinish imkoniyati taqdim etiladi.
— Mazkur tashabbus dunyo miqyosida oʻzbek tili va adabiyotini keng targʻib qilish, xorijdagi yosh vatandoshlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Avvalroq, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi malay tilidan xalqaro tanlovda g‘olib bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.
