“Ko‘mak” loyihasi: chekka hududlarda xorijiy til markazi ochish uchun 130 million so‘mgacha ssudani qanday olish mumkin?

“Ko‘mak” loyihasi: chekka hududlarda xorijiy til markazi ochish uchun 130 million so‘mgacha ssudani qanday olish mumkin?

Xorijiy tillarga ixtisoslashgan chekka hududlardagi oʻquv markazlarini ochish yoki kengaytirish uchun “Koʻmak” loyihasi doirasida yoshlar 130 million soʻmgacha foizsiz ssuda olish imkoniga ega boʻldi. Ariza topshirish jarayoni — hujjatlarni tayyorlash, platformaga yuklash va ekspertiza bosqichidan iborat.

 

Xabar berganimizdek, xorijiy tillar boʻyicha C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega (va uni olganiga 2-yildan oshmagan), ayniqsa olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan oʻquv markazlari ochish istagidagi yoshlar uchun “Koʻmak” loyihasi ishga tushirilgan.

 

Bunda chekka hududlarda oʻquv markazi ochish yoki kengaytirish uchun “Koʻmak” loyihasi doirasida 130 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi.

 

Yoshlar ishlari agentligi xabariga koʻra, bugungacha 400 dan ortiq oʻquv markazlari moliyalashtirilgan.

 

Ssuda olish uchun ariza topshirishni 3 ta oddiy qadamda tushuntiramiz:

 

1. Hujjatlarni shakllantirish

 

Platformaga kirishdan avval quyidagi hujjatlarni tayyorlang:

 

– Jamgʻarma rahbari nomiga ariza;

 

– Yuridik shaxs guvohnomasi;

 

– Biznes-reja;

 

– Garov taʼminoti hujjatlari;

 

– Dastlabki monitoring xulosasi.

 

Muhim jihati shundaki, koʻpchilik aynan biznes-reja tuzishda xatolikka yoʻl qoʻyadi. Arizangiz tasdiqlanishi uchun loyihani imkon qadar sodda, real raqamlarga asoslangan va hudud ehtiyojiga mos qilib tayyorlang.

 

 

2.Ariza yuborish

 

Hujjatlar tayyor boʻlgach, maxsus havola orqali platformada roʻyxatdan oʻting va maʼlumotlarni yuklang:

 

 

Ariza topshirish havolasi

 

Maʼlumotlarning aniq va toʻliq kiritilishi arizani koʻrib chiqish jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi.

 

 

3.Ekspertiza va yakuniy bosqich

 

Yuborilgan arizalar maxsus kengash tomonidan oʻrganiladi va tasdiqlangan loyihalar 3 ish kuni ichida toʻliq moliyalashtiriladi.

 

Avvalroq, chet tilidan B2 darajasi bor yoshlarga “qizil pasport” olish uchun 50 foiz kamroq toʻlash imkoniyati berilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.